XO'ROZ JANGI HAQIDA

ID: 6009

09.01.2026

46

Savol:

Xo‘roz urishtirish va ularni jangini tomosha qilish shar'an joizmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Dinimizda turli hayvonlarni urishtirish, bu o'yinlarga pul tikib qimor tashkil qilish va hatto tomosha qilish – taqiqlangan, harom ishdir. Bu haqda Ibn Abbos raziyallohu anhu shunday deydilar:

نَهَى رَسًولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنِ التَّحْرِيشِ بَيْنَ الْبَهَائِمِ )رَوَاهُ الْاِمَامُ التَّرْمِذِيُّ(

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hayvonlarni urishtirishdan qaytardilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Bu hadisi sharifning sharhida muhaqqiq olim Mullo Aliyюl Qori shunday deydilar:

أَيْ عَنِ الْإِغْرَاءِ بَيْنَهَا بِأَنْ يَنْطَحَ بَعْضُهَا بَعْضًا أَوْ يَعَضَّ أَوْ يَدُوسَ أَوْ يَقْتُلَ فِي النِّهَايَةِ هُوَ الْإِغْرَاءُ وَتَهْيِيجُ بَعْضِهَا عَلَى بَعْضٍ كَمَا يَفْعَلُ بَيْنَ الْجِمَالِ وَالْكِبَاشِ وَالدُّيُوكِ وَغَيْرِهَا يَعْنِي كَالْفِيلِ وَالْبَقَرِ وَكَمَا بَيْنَ الْبَقَرِ وَالْأَسَدِ وَإِذَا كَانَ الْإِغْرَاءُ بَيْنَ الْبَهَائِمِ مَنْهِيًّا فَبِالْأَوْلَى أَنْ يَكُونَ بَيْنَ الْإِنْسَانِ مَنْهِيًّا وَهُوَ كَثِيرٌ فِي بَعْضِ الْبُلْدَانِ رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ

“Ya'ni, Payg'ambarimiz sallalllohu alayhi vasallam hayvonlar bir-birini shoxlashi, tishlashi, bosib-yanchishi yoki o'ldirishi uchun ularni gij-gijlash (urishtirish)dan qaytardilar. “Nihoya” kitobida hadisdagi “taxrish” – hayvonlarni bir-biriga gij-gijlash, deyiladi. Tuya, qo'chqor, xo'roz, fil va buqalarni bir-biriga gij-gijlab urishtiradilar. Buqa va sherni ham gij-gijlashadi. Hayvonlarni bir biri bilan urishtirish mumkin emas ekan, odamlarni bir-biri bilan urishtirish undan ham yomonroqdir. Odam urishtirish ayrim shaharlarda ko'p uchraydi. Bu hadisni Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyat qilgan” (“Mirqotul mafatih”).

“Avnul Ma'bud” kitobida bu haqida shunday deyilgan:

وَوَجْهُ النَّهْيِ أَنَّهُ إِيلَامٌ لِلْحَيَوَانَاتِ، وَإِتْعَابٌ لَهُ بِدُونِ فَائِدَةٍ، بَلْ مُجَرَّدُ عَبَثٍ “Hayvon urishtirishdan man qilishning sababi – hayvonlarga hech bir foydasiz, balki o'yin uchun azob berish va qiynashdir”. Hayvonlarni urishtirishning haromligi haqida Xalqaro islom uюshmasi qoshidagi Islom fiqhi akademiyasining Makka shahrida 1987 yil (1408 h. yil Safar oyida) bo'lib o'tgan o'ninchi davra majlisida qat'iy fatvo berildi. Hayvon urishtirishning haromligi aniq bo'lgandan keyin, o'rtaga pul qo'yib urishtirish yoki tomoshabinlar pul bilan garov bog'lashlarining ham harom ish ekanligi kelib chiqadi. Dinimizda hayvonlarga ham sababsiz ozor, aziyat va azob berish mumkin emas. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam юz qismiga tamg'a urilgan eshakni ko'rib: “Bunga tamg'a urganni Alloh la'natlasin!” – dedilar (Imom Muslim rivoyati). Yana hayvonlarni “musla” qilish (tirik hayvonlarni a'zolarini kesib yaralash)dan ham qaytarilganmiz. Demak, hayvonlarga ozor berish, azoblash va ularga shafqat ko'rsatmaslik shariatimizda og'ir jinoyat hisoblanadi. Hayvonlarni qamab qo'yib, ochlikdan o'ldirish – haromdir. Hadisi sharifda bir mushukni qamab qo'yib qiynagan ayolning oxiratda azoblanishi haqida xabar berildi (Imom Buxoriy rivoyati). Kunlarning birida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam eti suyagiga yopishib ketgan tuyani ko'rib qoladilar va: “Bu tilsiz hayvonlar to'g'risida Allohdan qo'rqinglar. Minishga yaroqli qilib mininglar, eyishga yaroqli qilib englar”, – dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati). Har bir hayvonni nima uchun yaratilgan bo'lsa, shu ishda foydalanish ham – dinimizning ko'rsatmalaridan biridir. Bir hadisi sharifda: “Ulovlaringiz ustini minbar qilib olishdan saqlaninglar...”, – deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati). Buning ma'nosi, kimnidir kutayotganda, savdo-sotiq qilayotganda yoki boshqa ishlarni qilayotganda, zarurat bo'lmasa, ulovni ustiga minib turmang, deganidir. Hadisi shariflarda tirik jonzot (tovuq, qo'y, echki kabilar)ni o'q otishga nishon qilib olishdan qaytariladi (Imom Buxoriy rivoyati).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar