“Miyqoti zamoniy” degan iborani eshitib qoldim. Iltimos shu haqida ma’lumot bersangiz.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Miyqot arabcha “Tavqit” (Vaqt belgilash) so‘zidan olingan bo‘lib, “Belgilangan vaqt”, “Belgilangan joy” degan ma’nolarni anglatadi. Shar’iy istilohda esa, ikki ulug‘ ibodat ya’ni Haj va Umra amallari uchun ehromga kirish belgilangan vaqtini . “Miyqoti zamoniy” va ehromga kirish belgilangan joyni esa, “Miyqoti makoniy” deyiladi. “Miyqoti zamoniy” Haj ibodati uchun Alloh taolo tomonidan yetmish kun qilib begilangan. Bu haqida Alloh taolo o‘z kalomida marhamat qilib shunday degan:
الْحَجُّ أَشْهُرٌ مَّعْلُومَاتٌ فَمَن فَرَضَ فِيهِنَّ الْحَجَّ فَلَا رَفَثَ وَلَا فُسُوقَ وَلَا جِدَالَ فِي الْحَجِّ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ يَعْلَمْهُ اللَّهُ وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَىٰ وَاتَّقُونِ يَا أُولِي الْأَلْبَابِ
“Haj (mavsumi uchun) ma’lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida ayolga yaqinlashishi, gunoh ishlar va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni alloh biladi. (haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni menga qilingiz (mendan qo‘rqingiz), Ey, oqillar!” (Baqara: 197-oyat).
Ushbu kunlar Shavvol va Zul-Qa’da oylari hamda Zul-Hijjaning avvalgi o‘n kunidir. Mazkur yetmish kundan oldin yoki keyin Haj uchun ehromga kirib bo‘lmaydi va bog‘langan ehrom e’tiborga olinmaydi.
Umra ibodati uchun esa yilning barcha kunlari “Miyqoti zamoniy” bo‘lib, faqatgina, besh kun ya’ni Zul-Hijjaning 9, 10, 11, 12, 13-kunlari ya’ni Arafa va Qurbon hayiti hamda undan keyingi uch kun (Tashriq kunlari)da Umra qilishdan qaytarilgan. Chunki ushbu kunlarni Alloh taolo Haj ibodati uchun xoslab qo‘ygan va bu kunlar Haj amallari ado etiladigan kunlardir. Mazkur kunlarda Umra qilish yoki Umra uchun ehromga kirish makruhi tahrimiy ya’ni haromga yaqin makruh hisoblanadi. Vallohu A’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.