AYOL KISHINING MASHINA HAYDASHI

ID: 911

04.04.2025

110

Savol:

Shariatimizga ko‘ra ayol kishining mashina haydashi mumkinmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ayol kishi zarurat bo‘lganda mashina haydashi joiz, lekin uning o‘ziga yarasha shartlari mavjud.

Alloma Vahba Zuhayliy rahimahulloh aytadilar: “Shariatimiz ayol kishini muboh bo‘lgan ishlarni qilishdan man etmaydi. Ayol mashinani yakka haydasa ham, yonida boshqa kishi bo‘lsa ham, bu joiz amaldir. Lekin sharti shuki, ayol kishi mashinani minishda va boshqa ishlarida shariat doirasida bo‘lmog‘i, unga ko‘zi tushganlarga fitna bo‘lmaydigan darajada muhtasham kiyinishi kerak".

Al-Azhar ulamolaridan ustoz, doktor Abdulfattoh Oshur aytadilar: “Modomiki ayol uyidan Allohning shariatiga rioya qilgan holda chiqar ekan, uning mashina haydashining zarari yo‘q. Buni man etganlar ayollarni ehtiyot qilish yuzasidan qilganlar. Endi ayol turli masalalarda erkak bilan teng maqomda ko‘rilayotgan joriy muhitda bunday ehtiyotkorlikning ma’nosi biroz yo‘qolgan. Biz ta’kidlashimiz lozim bo‘lgan narsa shuki, ayol albatta Islom odobi bilan odoblansin. Mashina minib, shubhali joylarga yoki o‘zini va sha’nini xatarga qo‘yadigan tomonlarga bormasin”.

Ammo ayol kishining taksi haydab odam tashishiga kelsak, bu shariatimizda joiz emas. Zero, bunda ayol sha’ni muqarrar xatarga qo‘yilgan bo‘ladi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, ayollarning mashina haydashi odatga kirmagan mintaqalarimizda uni targ‘ib qilmagan ma’qul. Chunki, dinimiz ayol zotini ezozlagan, uni imkon qadar har xil xatarli holatlardan ehtiyot qilgan. Ayollarning xizmatini erlari, o‘g‘illari mahramlari qilish kerak. Ayol kishilar mashina minib o‘zlarini qiynashlariga hojat yo‘q. Undan so‘ng yo‘lda mashinani buzilib qolishi, turli kutilmagan holatlar, noqulayliklar sodir bo‘lishi mumkin. 

Shunday ekan, zarurat bo‘lmagan holatlarda ayollar mashina minmaganlari maqsadga muvofiq. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar