Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali yangi tug‘ilgan go‘dakni yo‘l cheti yoki chiqindixonalarga tashlab ketish holatlari kuzatilmoqda. Dinimizda bunga qanday munosabat bildiriladi?
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Farzand tengi yo‘q ne’mat hisoblanib, bu haqida Alloh taolo o‘z kalomida shunday marhamat qiladi:
"يَهَبُ لِمَنْ يَشَاءُ إِنَاثًا وَيَهَبُ لِمَنْ يَشَاءُ الذُّكُورَ * أَوْ يُزَوِّجُهُمْ ذُكْرَانًا وَإِنَاثًا وَيَجْعَلُ مَنْ يَشَاءُ عَقِيمًا إِنَّهُ عَلِيمٌ قَدِيرٌ" [الشورى 49-50]
ya’ni: “U o‘zi xohlagan kishiga qizlarni hadya etur va o‘zi xohlagan kishiga o‘g‘illarni hadya etur, yoki ularga o‘g‘illar va qizlarni qo‘shib berur va o‘zi xohlagan kishini tug‘mas (bepusht) qilib qo‘yur. albatta, u (barcha narsani) biluvchi va (o‘zi xohlagan narsani yaratishga) qodirdir.” (Shuro surasi, 49-50-oyatlar).
Shunday ekan Alloh taolo ato etgan bu bebaho ne’matni qadriga yetib, uni asrab-avaylash va go‘zal holda parvarish qilish o‘rniga unga nisbatan xuddi bir keraksiz buyumdek munosabatda bo‘lish, hatto undan voz kechib, yo‘l chetiga yoki chiqindixonaga tashlab ketish bu katta gunoh va nonko‘rlikdir. Agar shu asnoda chaqaloq vafot etsa, uni tashlab ketganlar odam o‘ldirganlik gunohiga qoladi.
Alloh taolo johiliyat davrida qiz farzandini tiriklay ko‘mib yuborganlarni mazammat qilib Qur’oni karimda bir necha oyatlar nozil qildi va ularning bu qilmishlari naqadar og‘ir gunoh ekanligini bayon qildi:
وَلَا تَقْتُلُوا أَوْلَادَكُمْ خَشْيَةَ إِمْلَاقٍ نَّحْنُ نَرْزُقُهُمْ وَإِيَّاكُمْ إِنَّ قَتْلَهُمْ كَانَ خِطْئًا كَبِيرًا (31)
“(Ey, insonlar!) Bolalaringizni qashshoqlikdan qo‘rqib o‘ldirmangiz – ularga ham, sizlarga ham Biz rizq berurmiz. Ularni o‘ldirish, shubhasiz, katta xatodir” (Isro surasi, 31-oyat).
Odamlar orasida kambag‘allikdan qo‘rqib yoki mol-dunyo havasida bolalarini sotadiganlar ham uchrab turadi. Mazkur oyati karimada shunday kishilarga xitob qilinadiki, rizq Alloh taolodandir. Ota-onalarini ham, bolalarini ham rizqini Alloh beradi. Shuning uchun kabag‘allikdan qo‘rqib bolalarni o‘ldirmang va ulardan qutilish uchun tashlab ketmang.
Ming afsuslar bo‘lsinki, oradan o‘n besh asr o‘tishiga qaramay hali ham ba’zilar jaholat botqog‘idan chiqa olmayapti. Ba’zi holatlarda bugungilarning qilmishlari o‘sha mazammat qilingan johiliya davridagidan ham yomon va og‘irroqdir. Zero, ular chaqaloqni tiriklay ko‘mgan bo‘lsa, hozirgilar tiriklay qarovsiz holda yo‘l cheti, chiqindixona yoki kanalizatsiya quvuri kabi joylarga havo o‘tkazmaydigan tsellofan paketlarga o‘rab, ayanchli bir holatda tashlab ketmoqdalar. Shuning uchun ham bu ish shar’an harom va katta gunoh hisoblanadi.
Alloh taolo jamiyatimizni shu kabi illatlardan panohida asrasin! Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.