Assalomu alaykum, Ustoz. Yaxshimisiz? Ustoz, mening ismim Madatbek, 23 yoshdaman, Qashqadaryodanman. Ustoz, men shu vaqtgacha janozada qatnashmaganman (to'g'ri, janoza namozlarida qatnashganman, lekin uyimizda janoza bo'lmagan). Yoshligimda momom olamdan o'tgan, lekin unda ko'p narsani tushunmaganman. Ustoz, yaqinda bobom vafot etdi, janozada qatnashdim va ko'p narsaga guvoh bo'ldim. Ustoz, qishlog'imizda shunday narsa bor: kimdir vafot etsa, kapa tikiladi, ya'ni o'tov, va janoza boshlanishidan oldin o'tovga marhumni olib o'tisharkan. Marhumning yaqinlari (farzandlari, nabiralari va h.k.) o'sha o'tovni o'rab olib, baqirib yig'lashi kerak ekan. Menga ham borganimda yaqinlarim baqirib yig'lashim kerakligini aytishdi, lekin men bunday qilmagandim. Mahallamizdagi ayollar meni chaqirib: "Sening bobong bo'ladi, odamlar gapiradi, uyat bo'ladi", degan gaplarni aytishdi. U ham mayli, ustoz, janozadan keyin "ehson" berish kerak ekan. Qozon-qozon osh, qaynoq kabi ovqatlar pishirilyapti. Biz o'rtahol oilamiz, bularga imkoniyatimiz yo'q edi. Ustoz, ishonasizmi, ancha pulimiz bor edi, u tugab, yana qarz ham bo'lib qoldik. Ettisini ham o'tkazdik, endi qirqini, yilini, yana qirqigacha qishloqqa to'rt payshanba "ehson" qilish kerak ekan. Ota-onamga bularni qilmaylik, bular yaxshimas, dinimizda yo'q desam: "Qilmasak bo'lmaydi, odamlar gapiradi, hamma qilyapti", deb gapimni e'tiborga olishmayapti. Ustoz, bu marosimlarni qilishga majburmizmi? Odamlar janozaga eyish-ichish uchun kelmaydi-ku, to'g'rimi? Bu qilinayotgan ishlar bid'atmi? Bid'at bo'lsa, bu marosimlarni yo'q qilish uchun nima qilishimiz kerak? Ustoz, maslahat bering. Agar hissiyotga berilib noto'g'ri yozgan bo'lsam, kechiringiz.
Vaalaykum assalom. Dinimiz ko'rsatmasiga binoan, mayyitga ovoz chiqarib, dod solib yig'lash qat'iyan taqiqlangan amaldir. Faqatgina ovozsiz ko'z yosh to'kishga ruxsat bor. Shu bois siz to'g'ri yo'l tutgansiz. Janozadan so'ng «etti», «qirq», «yil» kabi kunlarni belgilab, ayniqsa, qarz olib katta dasturxon yozish bid'at va makruh ish sanaladi. Sunnatga ko'ra, aza kunlari musibatzada xonadon emas, balki qo'ni-qo'shnilar va qarindoshlar ularning og'irini engil qilish uchun taom keltirishlari lozim.
Ikkinchidan, «el nima deydi» degan andisha bilan shariatga zid odatlarni qilish noto'g'ri, chunki Allohning rizosi xalqning gapidan ustundir. Bu kabi nosharchiy urf-odatlarni yo'qotishda siz kabi yoshlarning ilmga asoslangan oqilona munosabati va qat'iyati juda muhimdir. Vallohu a'lam.