Unga sichqon kiribti, biz uni elaganimizda uning axlatlari chiqdi. Unni ishlatish joizmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Joiz. Chunki un va bug‘doy kabi quruq maxsulotlarga sichqonning tezagi tushsa, uni najosatga aylantirmaydi. Imkoni bo‘lsa, o‘sha ifloslikni ketkaziladi va undan foydalanilaveradi.
Un va bug‘doy maxsulotlar qadimdan inson uchun eng zarur ozuqa bo‘lgan. Sichqon kabi kemiruvchi jonzotlar ushbu maxsulotlar idishiga tushib, axlatini qoldirib ketishi qadimdan bo‘lib kelgan va bundan saqlanish deyarli chorasiz hisoblangan. Shuning uchun ham fuqaholarimiz ushbu masalada nisbatan yengilroq favto berishgan:
بَعْرَةُ الْفَأْرَةِ وَقَعَتْ فِي وَقْرِ الْحِنْطَةِ فَطُحِنَتْ وَالْبَعْرَةُ فِيهَا أَوْ وَقَعَتْ فِي وَقْرِ دُهْنٍ لَمْ يَفْسُدْ الدَّقِيقُ وَالدُّهْنُ مَا لَمْ يَتَغَيَّرْ طَعْمُهُمَا قَالَ الْفَقِيهُ أَبُو اللَّيْثِ : وَبِهِ نَأْخُذُ
“Sichqon go‘ngi bug‘doyga tushib ketsa, o‘sha bug‘doy tegirmondan o‘tkazilsa yoki yog‘ idishiga tushsa, un va yog‘ning ta’mi o‘zgarmas ekan, ikkisini ham fosid qilmaydi. Faqih Abu Lays “Mana shu fatvoni olamiz” deganlar” (“Fatavoyi hindiyya” kitobi).
Fuqaholarimiz ushbu masalada zarurat borligi ya’ni, odatda un va bug‘doy maxsulotlarga odamlarning zaruriy ozuqasi sanalishi, odatda uni sichqondan saqlash imkonsiz ekani sababli mazkur fatvoni berishgan.
Qolaversa, voqelikda sichqon qayerdan yurib o‘tgan bo‘lsa, o‘sha joyda axlatini qoldirib ketadi. Lekin sichqon siydigi esa kam kuzatiladi. Shuning uchun ham sichqon axlati masalasida zarurat e’tiborga olingan. Buni Alloma Ibn Humamning quyidagi so‘zlaridan ham bilib olish mumkin:
هَذَا وَبَوْلُ الْفَأْرَةِ فِي رِوَايَةٍ لَا بَأْسَ بِهِ ، وَالْمَشَايِخُ عَلَى أَنَّهُ نَجِسٌ لِخِفَّةِ الضَّرُورَةِ ، بِخِلَافِ خُرْئِهَا فَإِنَّ فِيهِ ضَرُورَةً فِي الْحِنْطَةِ فَقَالُوا : إذَا وَقَعَ فِيهَا فَطُحِنَتْ جَازَ أَكْلُ الدَّقِيقِ مَا لَمْ يَظْهَرْ أَثَرُ الْخُرْءِ فِيهِ طَعْمًا وَنَحْوَهُ .
“Sichqonning siydigining – bir rivoyatga ko‘ra – zarari yo‘q. Mashoyixlar unda zarurat yengilligi sababli, uni najosat deganlar. Lekin sichqonning go‘ngi aksinchadir. Chunki bug‘doy borasida sichqonning go‘ngida (yengillik tomonini olish) zarurat bor. Shuning uchun mashoyixlar: “Bug‘doyga sichqonning go‘ngi tushgan bo‘lsayu, uni tegirmondan o‘tkazilsa – agar tegirmondan chiqqan unida sichqon go‘ngining ta’mi yoki boshqa asari sezilmasa, o‘sha unni iste’mol qilish joiz bo‘ladi”, – deyishgan” (“Fathul Qodir” kitobi).
Demak, sichqon go‘ngi tegirmonda bug‘doy bilan maydalanib, unga qo‘shilib ketgan, axlat oz miqdorda bo‘lgani sababli unda uning biror alomati sezilmagan bo‘lsa, unni najosat qilmasligi ma’lum bo‘lmoqda. Bundan un o‘z idishida turganda, o‘sha idishga sichqon tushib, unda axlatini qoldirib ketsa, o‘sha axlati unni batariqi avlo iflos qilmasligi kelib chiqadi. Bunday holatda Siz sichqonning o‘sha go‘ngini qo‘lda terib tashlab yoki unni bir marta elakdan o‘tkazib olib, keyin undan foydalansangiz joiz bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.