ASHARAYI MUBASHSHARA

ID: 1777

11.08.2025

53

Savol:

Assalomu alaykum ustoz, din yoʻlidagi ishlaringizga Alloh barakot bersin. Meni savolim asharayi mubashsharalar toʻgʻrisida. Bizga maʼlumki ular 10 ta. Bular- Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Sa’d ibn Abu Vaqqos, Abdurahmon ibn Avf, Sa’id ibn Zayd, Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhumdir. Men soʻramoqchi boʻlgan narsa shuki bir hadisda keltirilishicha Paygʻambarimiz sallollohu alayhi vassallam masjidlarida sahobalar bilan oʻtirganlarida sahobalarga qarata "Sizlarga jannatiy insonni koʻrsataymi?" deb aytadilar. Sahobalar "Ayting yo rosululloh sallollohu layhi vassallam" deyishganida "Hozir manashu eshikdan kirib keladi" deganlar va eshikdan koʻpchilikka mashxur boʻlmagan oddiy bir inson kirib keladi. Bu holat ketma ket 3 kun takrorlanadi. Umar r.a. ularning uylariga mehmonga borib 3 kun qoladilar. Oʻsha barchaga mashxur qissa. Bundan tashqari yana bir necha qissalar kelgan shunga oʻxshash ismlari zikr qilinmagan holatda jannat xushxabari aytilgan zotlar haqida. Shunda asharayi mubashsharalar 10 tadan koʻpmi yoki men notoʻgʻri tahlil qilyabmanmi?

Javob:

Jannat bashorati berilgan sahobalar soni faqatgina o‘n kishi bilan chegaralanmaydi. "Asharai mubashshara", ya’ni "bashorat berilgan o‘n kishi"ning alohida mashhur bo‘lishiga sabab, bu o‘n zotning nomlari Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan birgina hadisda jamlab zikr qilinganidir. Ushbu o‘n sahoba islomning ilk davrida ulkan xizmatlar qilgan, uning yoyilishiga katta hissa qo‘shgan va Payg‘ambarimizga eng yaqin zotlardan bo‘lishgan.

Siz zikr qilgan masjidga kirib kelgan va uch kun ketma-ket jannatiy deya e’tirof etilgan sahoba haqidagi rivoyat va shunga o‘xshash boshqa ko‘plab holatlar ham sahih manbalarda kelgan. Masalan, Abdulloh ibn Salom, Bilol ibn Raboh, Ukkosha ibn Mihsan roziyallohu anhum kabi ko‘plab sahobalarga ham turli vaziyatlarda jannat bashorati berilgan.

Demak, xulosa shuki, jannat xabari berilgan sahobalar soni o‘ntadan ko‘p, lekin "Asharai mubashshara" istilohi faqatgina bir hadisda nomlari birga zikr qilingan o‘sha o‘n ulug‘ sahobaga nisbatan ishlatiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar