QIZINGIZ BILAN YASHAMAYMAN DEDI

ID: 466

04.04.2025

122

Savol:

Qizimning eri meni uyiga chaqirib men qizingiz bilan yashamayman, bola ham nima bo‘lsa bo‘lar, olib chiqib keting, dedi. Men xo‘p, deb olib chiqib ketdim. Biroz vaqt o‘tib o‘zi uylandi. Endi qizim yoki men taloq so‘rasak bo‘ladimi. Qizimning yashash niyati yo‘q. Mahrini bermagan. Ajrim bo‘lsa qizim oila mulkidan biror narsa talab qilsa, shariatimizga to‘g‘ri keladimi? Qonun bo'yicha er va xotin oila mulkiga teng haqdor ekan. Shariatimizda er xotinni ulushi qanday?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Bunday holatlarda taloq tushishi yoki tushmasligi erning niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Er ajralishni (taloqni) niyat qilib: “Men qizingiz bilan yashamayman”, degan bo‘lsa, er-xotinlar o‘rtasiga taloq tushadi. Agar ajralish niyatida aytmagan bo‘lsa, taloq tushmaydi, qizingiz boshqaga turmushga chiqishidan avval birinchi eridan taloq olib, iddasini tugatishi kerak. Siz yoki qizingiz taloq so‘rashi mumkin.

Mahr berish erning zimmasidagi vojib amaldir. Uni ado qilmaguncha yoxud xotini kechmaguncha erning zimmasidan mahr soqit bo‘lmaydi.

Er xotin ajralsa xotin o‘zining mulki hisoblangan barcha narsalarni uyiga qaytarib olib ketishga haqli bo‘ladi. Erning mulki erning o‘zida qoladi.  Agar ba’zi buyumlar kimning mulki ekani hujjat va dalil bilan isbotlanmasa, bunday holatlarda ayollarga xos buyumlar xotinga va erkaklarga xos buyumlar erga tegishli bo‘ladi. Erkak va ayollarga ham birdek ishlatiladigan buyumlar esa o‘zaro o‘rtada taqsimlanadi.

SHar’iat qoidalariga ko‘ra er xotin ajralsalar xotinga erning yarim mulki olib berilmaydi. Balki, yuqorida aytilganidek, er-xotindan har birlari o‘zlarining mulkiga egalik qiladi.

Shu bilan bir qatorda taloq qilingan xotinning nafaqasini uning iddasi chiqqunga qadar eri ta’minlaydi. Farzandlar kim bilan qolishidan qat’iy nazar balog‘atga yetgunlaricha (qizlar turmushga chiqquncha) ularning nafaqasi faqat otaning zimmasida bo‘ladi. Ularni qarovsiz tashlab qo‘yilsa, gunohi otaning zimmasida bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar