Qur`on sadosini telefon, mashina magnitafoni yoki kompyuter orqali quyib ishini qilish va kelgan ketgan odamlar va xaridaorlarga xizmat kursatish joizmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Qur’oni karimni yurgan holda yoki yotgan holda tinglash joiz. Lekin buning uchun tilovatga quloq tutish, uni tafakkur bilan tinglash talab etiladi. Qur’on eshituvchining qalbi mashg‘ul, xayoli parishon bo‘lmasligi, shovqin suronli joyda eshitmasligi, imkon qadar boshqalar bilan gaplashmasligi lozim. Hanafiy mazhabida Qur’on o‘qilganda eshitish vojib hisoblanadi. Chunki Alloh taolo:
وَإِذَا قُرِئَ الْقُرْآَنُ فَاسْتَمِعُوا لَهُ وَأَنْصِتُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
ya’ni: “Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!” – deb buyurgan (A’rof surasi 204-oyat).
Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da: “Qur’on o‘qilganda unga quloq tutish farzi kifoya”- deganlar.
“Tilavatul Qur’onil majiyd” kitobida shunday deyiladi: “Mazkurlardan ma’lum bo‘lishicha hanafiylar mazhabida Qur’onga quloq tutish vojibdir. Ammo shofe’iylarda esa tilovatni tinglash sunnat hisoblanadi.”
Qorining tilovatini tinglash jarayonida jim turish bilan birga, xushu’ va yig‘lash kabi holatlar fazilatli amal hisoblanadi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَإِذَا سَمِعُوا مَا أُنزِلَ إِلَى الرَّسُولِ تَرَىٰ أَعْيُنَهُمْ تَفِيضُ مِنَ الدَّمْعِ مِمَّا عَرَفُوا مِنَ الْحَقِّ يَقُولُونَ رَبَّنَا آمَنَّا فَاكْتُبْنَا مَعَ الشَّاهِدِينَ
ya’ni: “Payg‘ambarga nozil qilingan narsani (Qur’onni) eshitsalar, haqni bilganlaridan ularning ko‘zlarini yosh to‘kkan holda ko‘rarsiz!” (Moida surasi 83-oyat).
Zayd ibn Arqam raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: “Albatta Alloh taolo uch o‘rinda bandalarini jim turishini yaxshi ko‘radi; Qur’on tilovat qilingan vaqtda, dushmanga qarshi turgan vaqtda va janoza vaqtida” (Imom Tabaroniy rivoyatlari). Vallohu a’lam.