QASAM XUKMI

ID: 2861

27.09.2025

276

Savol:

Assalom aleykum domla, Meni bir savol juda tinch qo‘ymayapti, shuning yechimini sizdan izlab yozayapman. Xullas, bir inson bilan hamkorlikda birgalikda ish boshladik. Ish jarayonida, ya’ni 3–4 yil ichida deyarli har kun ko‘rishdik. Shu sabab bo‘lsa kerak, bir-birimizga juda yaqin xam bo‘lib qoldik. Va Allohga qasam qilib, qiyomatli aka-uka bo‘ldik deb tutindik. Lekin, afsuslar bo‘lsinki, qaysidir xatolarimiz sababli oramizga shayton tushdi va biz bir-birimizdan uzoqlashdik, ish sabab san-manga borib qoldik. Kim haq yoki nohaq ekanini aniqlashning endi hojati yo‘q — oradan anchagina «loyqa suv» oqib ketdi. Hozir meni qiynayotgan narsa — bu bizning o‘sha qasamimiz. Men xato qildim: tuyg‘uga, ishonchga berilib qoldim. Endi esa “Qasamimni qanday qilib bizi, axir buni javobi og‘ir? Robbim oldida nima deb javob beraman?” degan savollar tinch qo‘ymayapti. Savolim: bu dunyoda buning kaforati bormi? Nima qilsam, shu dunyoda, shu xatoimni to‘g‘rilab ketishim mumkin? Iltimos sizdan, shu masalaga oydinlik kiritib bering. Oldindan javobingiz uchun katta raxmat.

Javob:

Mo‘minlarning o‘zaro do‘stlashib, keyin dunyoviy sabablar bilan oralari buzilishi yaxshi emas, lekin bu holatda qasamni buzganlik uchun kafforat vojib bo‘lmaydi. Chunki "qiyomatli aka-uka bo‘lganlik"ga qasam ichish kelajakda bajarilishi lozim bo‘lgan aniq bir ish yoki amalni tark etmaslik haqidagi qasam emasdir. Shu sababli, bu ahdni buzish gunoh bo‘lsa-da, uning shar’iy kafforati yo‘q, balki chin dildan tavba qilish va o‘sha inson bilan imkon qadar yarashishga harakat qilish lozim. Agar yarashishning imkoni bo‘lmasa, uning haqqiga duo qilib, istig‘for aytish maqsadga muvofiq.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar