Azon eshitayotgan paytda nimalar deyish kerak?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Azon aytilayotganda unga javoban azon kalimalarini takrorlash mustahabdir. Faqat “hayya alassolat”ni eshitganda “La havla va la quvvata illa billah”ni aytiladi. Va bomdod namozining azonida esa “Assolatu xoyrun minan-navm”ni eshitganda “sadaqta va bararta” deb aytiladi (“Raddul Muhtor” kitobi).
Bunga quyidagi sahih rivoyatlar dalil bo‘ladi:
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا سَمِعْتُمْ النِّدَاءَ فَقُولُوا مِثْلَ مَا يَقُولُ الْمُؤَذِّنُ
Abu Said Al-Xudriy roziyallohu anhuning hadisi: “Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qachon azonni eshitsangiz, muazzin aytganlarini (uning ortidan qaytarib) aytinglar”, — dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan).
أَنَّ مُعَاوِيَةَ بْنَ أَبِي سُفْيَانَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا لَمَّا سَمِعَ حَيَّ عَلَى الصَّلَاةِ قَالَ: لَا حَوْلَ وَلَا قُوَّةَ إِلَّا بِاللهِ، وَقَالَ: هَكَذَا سَمِعْنَا نَبِيَّكُمْ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ
Muoviya ibn Abu Sufyon raziyallohu anhumo qachon azondagi “Hayya ‘alas-sola” kalimasini eshitsalar, “La havla va la quvvata illa billah”, deb aytar va “Payg‘ambaringiz sallallohu alayhi vasallam shunday deyayotganlarini eshitganmiz”, — der edilar (Imom Buxoriyrivoyatlari).
وَلِمُسْلِمٍ وَأَبِي دَاوُدَ: مَنْ قَالَ مِثْلَ مَا يَقُولُ الْمُؤَذِّنُ إِلَّا فِي الْحَيْعَلَتَيْنِ فَقَالَ لَا حَوْلَ وَلَا قُوَّةَ مِنْ قَلْبِهِ دَخَلَ الْجَنَّةَ
Imom Muslim va Imom Abu Dovudning rivoyatida: "Kim chin qalbdan muazzin aytgan narsani aytib tursa-yu, magar "Hayya ’ala" jumlalarida "La havla va la quvvata" desa, jannatga kiradi", deyilgan.
Ba’zi rivoyatlarda boshqacha iboralar ham aytilgan, qaysi birini aytilsa ham joiz bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.