Islomda vegetarianlikning hukmi qanaqa?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
“Vegetarianlik” so‘zi lotinchadan olingan bo‘lib, “o‘simlikka oid” degan mazmunni bildiradi. Bunda ovqatlanish tarzi, go‘shtni cheklab, asosan meva va sabzavotlarni tanovul qilish nazarda tutiladi. Shu zaylda ovqatlanuvchilar vegetarianlar deyiladi. Vegetarianlar muayyan mahsulotlarni iste’mol qilishni chegaralash darajasiga ko‘ra bir necha toifaga bo‘linadi. Ularning eng ashaddiylari har qanday go‘sht mahsulotlari, shuningdek sut, tuxum va yog‘larni iste’mol qilishdan bosh tortadilar.
Inson o‘z ta’bi va tabiatidan kelib chiqib go‘sht yoki hayvondan olingan mahsulotlarni yemasligi yoki yeyishni xohlamasligi mumkin. Lekin bunda quyidagi jihatlarga e’tibor berishi lozim:
"يَا أَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا لا تُحَرِّمُوا طَيِّبَاتِ مَا أَحَلَّ اللَّهُ لَكُمْ وَلا تَعْتَدُوا إِنَّ اللَّهَ لا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ" (سورة المائدة/87)
“Ey, imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo‘ygan narsalarni haromga chiqarmangiz va haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi” (Moida/87). Boshqa oyatda esa:
"قُلْ مَنْ حَرَّمَ زِينَةَ اللَّهِ الَّتِي أَخْرَجَ لِعِبَادِهِ وَالطَّيِّبَاتِ مِنَ الرِّزْقِ قُلْ هِيَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا خَالِصَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَذَلِكَ نُفَصِّلُ الْآَيَاتِ لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ" (سورة الأعراف/32)
“Ayting: “Bandalari uchun chiqargan Allohning ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqardi?” Ayting: “U (ziynat va pok rizqlar) bu dunyoda imon keltirganlar (va boshqalar) uchun, qiyomat kunida esa, xolis (mo‘minlarning o‘zlari uchun bo‘lur)”. Shunday qilib, oyatlarni biladigan qavmlarga mufassal bayon qilurmiz” (A’rof/32).
مَا بَالُ أَقْوَامٍ قَالُوا كَذَا وَكَذَا؟ لَكِنّي أُصَلّي وَأَنَامُ، وَأَصُومُ وَأُفْطِرُ، وَأَتَزَوّجُ النّسَاءَ، فَمَنْ رَغِبَ عَنْ سُنّتِي فَلَيْسَ مِنّي
“Odamlarga nima bo‘ldiki, bundoq, bundoq, deydilar?! Lekin men namoz ham o‘qiyman, (tunda) uxlayman ham. Ro‘za ham tutaman, og‘zim ochiq ham yuraman. Ayollarga uylanaman ham. Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa mendan emas”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Xulosa qilib aytganda go‘sht mahsulotini yoqtirmagani yoki ruhiy holat tufayli (masalan, chorva so‘yilayotganini ko‘rgan odam go‘shtdan voz kechgan kabi) go‘sht mahsulotini istamaydigan kishi bilan uni o‘ziga harom qilib olgan yoki shuni ibodat deb biladigan kishining o‘rtasida farq bor. Vegetarianlikka dinimizning munosabati ham shunga ko‘radir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.