Tataristonda qurbonlikni vojib qiluvchi nisobni hisoblashda kumush miqdoridan foydalanilar ekan. Ushbu masalada bizni ba’zi vatandosh o‘zbeklar savol berishyapti: bu yerni fatvosiga amal qilaylikmi yoki tillo nisobiga ko‘ra vojiblik fatvosiga amal qilaylikmi? Sizdan so‘rab javob berishni ma’qul topdim.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Oltin va kumushlardan boshqa narsalarda nisob miqdorini belgilashda bir necha qavllar mavjud. Mazhabimizning asosiy matnlarida qaysi yo‘l bilan hisoblash kambag‘allarga foydaliroq bo‘lsa shu yo‘l bilan hisoblash lozimligi aytilgan. Ya’ni oltin yoki kumushdan qaysi birida hisoblansa kamroq mablag‘ bilan nisob hosil bo‘lsa shu bilan hisoblanadi. Shu bilan birga boshqa qavllar ham aytilgan.
( يُقَوِّمُهَا بِمَا هُوَ أَنْفَعُ لِلْمَسَاكِينِ ) احْتِيَاطًا لِحَقِّ الْفُقَرَاءِ قَالَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ : وَهَذَا رِوَايَةٌ عَنْ أَبِي حَنِيفَةَ وَفِي الْأَصْلِ خَيَّرَهُ لِأَنَّ الثَّمَنَيْنِ فِي تَقْدِيرِ قِيَمِ الْأَشْيَاءِ بِهِمَا سَوَاءٌ ، وَتَفْسِيرُ الْأَنْفَعِ أَنْ يُقَوِّمَهَا بِمَا تَبْلُغُ نِصَابًا ... وَعَنْ مُحَمَّدٍ أَنَّهُ يُقَوِّمُهَا بِالنَّقْدِ الْغَالِبِ عَلَى كُلِّ حَالٍ كَمَا فِي الْمَغْصُوبِ وَالْمُسْتَهْلَكِ
“Savdo mollarini kambag‘allarga foydaliroq yo‘l bilan baholaydi (hisoblaydi). Bu kambag‘allarning haqiga ehtiyotkorlikdan kelib chiqqan. Marg‘inoniy aytadi: Bu imom Abu Hanifadan rivoyatdir. “Asl” kitobida esa zakot beruvchiga ixtiyor berilgan. Chunki oltin ham, kumush ham bu borada barobardir. “Kambag‘allarga foydaliroq yo‘l” degani “Nisobga yetadigani bilan hisoblash” deganidir". (Hidoya)
Imom Muhammaddan urfda g‘olib bo‘lgan pul birligi (ya’ni oltin yoki kumushdan qay biri g‘olib bo‘lsa shu) bilan hisoblaydi.
Bizning yurtimizda oltin bilan hisoblash yo‘lga qo‘yilgan. Agar siz turgan joy ulamolar kengashi kumush bilan hisoblashga fatvo bergan bo‘lsalar ularning fatvosi bilan ish tutishingiz ya’ni kumush miqdori bilan hisoblashingiz joiz bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.