Ba’zi namozxon birodarlarimiz namozning oxirgi rakatida o‘ng oyoqni tik qilib, chap oyoqni ustiga o‘tirmasdan, balki ayollarga o‘xshab oyoqni yon tamonga chiqarib olishganini ko‘rdim. Bunday o‘tirish to‘g‘rimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bunday holatda o‘tirish “tavarruk” deyiladi. Bu haqda "Badoi’us sanoi’" kitobida quyidagicha keltiriladi:
أما كيفيتها فالسنة أن يفترش رجله اليسرى في القعدتين جميعا ويقعد عليها وينصب اليمنى نصبا وقال الشافعي: "السنة في القعدة الأولى كذلك فأما في الثانية فإنه يتورك"، وقال مالك: "يتورك فيهما جميعا"، وتفسير التورك أن يضع أليتيه على الأرض ويخرج رجليه إلى الجانب الأيمن ويجلس على وركه الأيسر احتج الشافعي بما روي عن أبي حميد الساعدي أنه قال فيما وصف صلاة رسول الله صلى الله عليه وسلم: كان إذا جلس في الأولى فرش رجله اليسرى وقعد عليها ونصب اليمنى نصبا وإذا جلس في الثانية أماط رجليه وأخرجهما من تحت وركه اليمنى"، ولنا ما روي عن عائشة رضي الله عنها أن النبي صلى الله عليه وسلم كان إذا قعد فرش رجله اليسرى وقعد عليها ونصب اليمنى نصبا"، وروى أنس بن مالك عن النبي صلى الله عليه وسلم أنه نهى عن التورك في الصلاة وحديث أبي حميد محمول على حال الكبر والضعف
“Qa’daning sunnatga muvofiq ko‘rinishi bu ikkala qa’dada ham o‘ng oyoqni tikka qilib, chap oyoqni to‘shab ustiga o‘tirishdir. Imom Shofe’iy birinchi qa’dada o‘ng oyoqni tikka qilib, chap oyoqni to‘shab ustiga o‘tirish, ikkinchi qa’dada esa tavarruk holati sunnat, deydilar. Imom Molik ikkala qa’dada ham tavarruk sunnat, deydilar. Tavarruk ko‘rinishi orqani yerga qo‘yib, ikki oyoqni o‘ng tomondan chiqarib, chap yon bilan o‘tirishdir. Imom Shofiiy Abu Humayd So’idiy raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning namozlari sifatini bayon qilgan rivoyatlarini hujjat qiladilar: “Payg‘ambar alayhissalom birinchi qa’dada chap oyoqlarini to‘shab ustiga o‘tirdilar va o‘ng oyoqlarini tik qildilar. Ikkinchi qa’dada oyoqlarini yig‘ib ularni o‘ng sonlari ostidan chiqardilar” (Hanafiy mazhabi ulamolari ushbu hadisdagi holatni Payg‘ambar alayhissalomning yoshlari keksayib, quvvatlari zaiflashib qolgan vaqtlarida bo‘lgan, deb sharhlaydilar).
Biz hanafiylarning dalilimiz Oisha raziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan hadisdir: “Payg‘ambar alayhissalom qachon qa’da qilsalar o‘ng oyoqlarini tik qilib, chap oyoqlarini esa to‘shab ustiga o‘tirar edilar.”
Yana bir dalil esa Anas ibn Molik raziyallohu anhu Rasululloh alayhissalomdan rivoyat qilgan quyidagi hadisdir: “Nabiy alayhissalom namozda tavarruk qilishdan qaytardilar” (“Badoi’us sanoi’” kitobi).
Demak, ulamolarimiz tavarruk hadisini Payg‘ambarimiz alayhissalomning keksalik va zaiflik holatlariga tegishli, deb tushunganlar. Boshqa hadislarga tayanib, qa’dada chap oyoqni yotqizib, o‘ng oyoqni tik qilib o‘tirishni sunnatga muvofiq deb bilganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.