KULISH TAHORATNI SINDIRADIMI?

ID: 977

04.04.2025

141

Savol:

Kulish tahoratni sindiradimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Barcha ulamolarning nazdida namozdan tashqarida xoh baland ovozda, xoh past ovozda kulish tahoratni sindirmaydi. 

Namozning ichida esa, kulish uch turga bo‘linadi. Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh “Fathu babil inaya” kitoblarida uch xil kulguni quyidagicha bayon qilganlar: 

القهقهةُ: ما تكون مسموعةً له ولجيرانه سواءٌ ظهرت أسنانُهُ أوْ لا، تَبْطُلُ بها الصلاةُ والوضوءُ. والضحِكُ: ما يكون مسموعاً له دون غيرهِ، وتَبْطُلُ به الصلاةُ دون الوضوء. والتَّبَسُّمُ: ما لا يُسْمَعُ أصلاً، وليس بمُبِطلٍ لواحدٍ منهما.

ya’ni: “Qahqaha – kishi o‘zi va o‘zidan boshqaga eshitadigan darajada kulishi. Unda tishi ko‘rinadimi yoki yo‘qmi, farqi yo‘q. Bu bilan tahorat sinadi va namoz buziladi. Kulish – kishi faqat o‘zi eshitadigan, boshqasiga eshitilmaydigan darajada kulishi.  Bu bilan namoz buziladi, tahorati sinmaydi. Tabassum – kishi hech qanday ovoz eshitilmaydigan darajada (o‘ziga ham, boshqasiga ham) jilmayishidir. Bu bilan namoz ham buzilmaydi, tahorat ham sinmaydi”.

  1. Balog‘atga yetgan kishi mutlaq (ya’ni, ruku va sajdasi bo‘lgan) namozda qahqaha otib kulishi bilan tahorati sinadi va namozi buziladi. Demak, yangidan tahorat qilib, namozini qaytarib o‘qishi lozim bo‘ladi. Bunga ulamolarimiz quyidagi rivoyatni dalil qilib keltirganlar. Abu Muso al-Ash’ariy raziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam odamlar bilan (masjidda) namoz o‘qiyotgan edilar. To‘satdan, ko‘zi ojiz bir kishi kelib, masjiddagi chuqurga tushib ketdi. (Uni ko‘rib) namoz o‘qib turgan qavmdan ko‘pchiligi kulib yubordi. (Namoz tugagach) Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

"من ضحك أن يعيد الوضوء ويعيد الصلاة" (رواه الإمام الطبراني).

ya’ni: “Kim kulgan bo‘lsa, tahoratini qayta qilish va namozni boshidan o‘qishga buyurdilar” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Ammo balog‘atga yetmagan shaxs namoz ichida qahqaha otib kulishi bilan tahorati sinmaydi lekin, namozi buziladi. Shuningdek, janoza namozida qahqaha otib kulish bilan xoh balog‘atga yetgan bo‘lsin, xoh yetmagan bo‘lsin tahorati sinmaydi, lekin namozi buziladi. 

  1. O‘zi eshitib, o‘zgalar eshitmaydigan kulgu haqida Abu Sufyon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Jobir raziyallohu anhudan namozda kulgan kishi haqida so‘rashganida, u zot shunday javob berganlar: 

إِذَا ضَحِكَ فِي الصَّلَاةِ أَعَادَ الصَّلَاةَ، وَلَمْ يُعِدْ الْوُضُوءَ  (رواه الإمامُ الدارقطني).

ya’ni:  “Namozda kulgan kishi namozini qaytadan o‘qiydi, ammo tahoratini yangilamaydi” (Imom Doraqutniy rivoyatlari).

Shuningdek, janoza namozida bu turdagi kulish bilan tahorat sinmasa-da,  janoza namozi buziladi. 

  1. Tabassumga ulamolarimiz quyidagi rivoyatni dalil qilib keltirganlar. Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobalari bilan asr namozini o‘qiyotganlarida tabassum qildilar. Namozdan so‘ng U Zotga: “Ey Rasululloh, namoz o‘qib turib tabassum qildingizmi?!” – deyildi. Shunda U Zot:

"إِنَّهُ مَرَّ بِي مِيكَائِيلُ عَلَيْهِ السَّلامُ، وَعَلَى جَنَاحِهِ غُبَارٌ فَضَحِكَ إِلَيَّ فَتَبَسَّمْتُ إِلَيْهِ" (رواه الإمامُ البيهقي).

ya’ni: “Mening oldimdan Mikoil alayhissalom o‘tdi. Uning ikki qanotida chang bor edi. U menga kulgan edi, men unga tabassum qildim”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari). 

Ushbu rivoyatdan ma’lum bo‘ladiki, namozda tabassum qilish bilan namoz ham, tahorat ham buzilmaydi.

Demak, namozdan tashqarida kulish bilan tahorat sinmaydi, namoz ichida kulish esa, yuqoridagi tafsilotga ko‘ra bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar