Mayyit yuvilgan suvni mevali daraxt tagiga yoki gulzorga to‘kish kerak, deyishadi. Shu to‘g‘rimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Agar mayyitni badanida najosat bo‘lsa, yuvulgan suv nopok suv hisoblanadi. Lekin najosat bo‘lmasa, u suv obi musta’mal (ya’ni o‘zi pok, ammo poklaguchi bo‘lmagan suv) bo‘ladi. Bu haqda fatvo kitoblarida shunday deyiladi:
غُسَالَةُ الْمَيِّتِ نَجِسَةٌ أَطْلَقَ مُحَمَّدٌ رَحِمَهُ اللَّهُ فِي الْأَصْلِ وَالْأَصَحُّ أَنَّهُ إذَا لَمْ يَكُنْ عَلَى بَدَنِهِ نَجَاسَةٌ يَصِيرُ الْمَاءُ مُسْتَعْمَلًا إلَّا أَنَّ مُحَمَّدًا رَحِمَهُ اللَّهُ إنَّمَا أَطْلَقَ ؛ لِأَنَّ الْمَيِّتَ لَا يَخْلُو عَنْ النَّجَاسَةِ غَالِبًا . كَذَا فِي الظَّهِيرِيَّةِ
"Mayyit yuvilgan suv nopokdir. Imom Muhammad rahimahulloh "Al-Asl" kitoblarida uni og‘ir yoki yengil najosatga ajratmadilar. To‘g‘rirog‘i shuki, agar mayyitni badanida najosat bo‘lmasa, u suv obi mustamal bo‘ladi. Lekin Imom Muhammad rahimahulloh najosat turiga ajratmaganlarining sababi, ko‘p xollarda mayyitni badanida najosat bo‘ladi. "Az-Zahiriyya" kitobida shunday deyilgan" ("Fatovoyi hindiya" kitobi).
Xullas, mayyit yuvilgan suv shariatimizda alohida ehtirom qilinishi kerak bo‘lgan suv emas. Shuning uchun uni insonlarga tegmaydigan joyga to‘kish maqsadga muvofiq. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.