Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan tik turgan holda ovqat yeyish haqida hadislar kelganmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Shariatimizga ko‘ra tik turib yoki yo‘lda yurib taomlanish makruh amal sanaladi. Bu tarzda taomlanish odob-axloq qoidalariga ziddir. Anas ibn Molik hamda Abu Sa’id al-Xudriy roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:
عَنْ أَنَسٍ وأَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رضي الله عنهما أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ زَجَرَ ( في لفظ : نَهَى) عَنْ الشُّرْبِ قَائِمًا قَالَ قَتَادَةُ لأنس : فَقُلْنَا فَالْأَكْلُ، فَقَالَ: "ذَاكَ أَشَرُّ أَوْ أَخْبَثُ " (رواه الامام مسلم).
ya’ni: "Albatta Nabiy sallallohu alayhi vasallam tik turib suv ichishdan man qildilar (boshqa rivoyatda, qaytardilar deyilgan)" dedilar. Shunda Qatoda raziyallohu anhu Anas raziyallohu anhuga "Tik turib yeyishchi?" deb so‘radi. Anas raziyallohu anhu "Tik turib yeyish — tik turib suv ichishdanda yomonroq va xunukroqdir", deya javob berdilar" (Imom Muslim rivoyati).
Ibn Hajar Asqaloniy o‘zlarining "Fathul Boriy" kitoblarida ushbu hadisni sharhlab shunday deydilar:
قال ابن حجر " قيل وَإِنَّمَا جُعِلَ الْأَكْلُ أَشَرَّ لِطُولِ زَمَنِهِ بِالنِّسْبَةِ لِزَمَنِ الشُّرْبِ " انتهى من "فتح الباري" (10/82) .
ya’ni: "Tik turib taom yeyishni tik turib suv ichishga nisbatan yomonroq ekaniga sabab — taom yeyishga suv ichishdan ko‘ra ko‘proq vaqt sarflanadi" (10-juz, 82-bet).
Demak, zaruratsiz tik turgan yoki yurgan holda taom yeyish, suv ichishdan saqlanish Islom odoblariga muvofiqdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.