Imom iqomat takbiridan keyin namozga kirishishdan avval qavmga qarata: “Saflarni to‘ldirib olinglar”, deyishi to‘g‘rimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Imom A’zam Abu Hanifa va Imom Muhammad rahimahumalloh nazdilarida muazzin iqomat aytib: “Qod qomatis-solah” degan paytida imom va qavm namozga kirishadilar. Imom Abu Yusuf rahimahullohga ko‘ra, imom va qavm muazzin iqomatdan forig‘ bo‘lgandan keyin namozga kirishadi. Bu haqida fiqhiy manbalarimizda shunday deyilgan:
(وشروع الامام مذ قيل قد قامت الصلاة) عند أبي حنيفة ومحمد وقال أبو يوسف: يشرع إذا فرغ من الاقامة محافظة على فضيلة متابعة المؤذن وإعانة للمؤذن على الشروع معه.
“Imom Abu Hanifa va Imom Muhammadga ko‘ra, muazzin “Qod qomatis-sola” deganda imom namozga kirishadi. Imom Abu Yusuf: “Muazzin iqomatdan forig‘ bo‘lganda imom namozga kirishadi. Shunda qavm ham muazzin ortidan (iqomat kalimalarini aytishda) yetishib olish fazilatiga erishadi va muazzin imom bilan birga namozga qo‘shilish imkoniga ega bo‘ladi” deganlar”.
“Xulosatul fatavo” kitobida Imom Abu Hanifa va Imom Muhammadlarning so‘zlari “to‘g‘riroq” ekani ta’kidlangan. Shuningdek, “Quduriy”, “Viqoya”, “Kanz” va boshqa mo‘’tabar fiqhiy kitoblarda faqat Imom Abu Hanifa r.a.ning so‘zlari naql qilib keltirilganidan, mazhabimizdagi fatvo berilgani shu ekani ma’lum bo‘ladi. Shunga ko‘ra, mazhabimizning mutaqaddim ulamolariga ko‘ra, imom iqomat bilan takbiri tahrimani orasini ajratmaydi, namozxonlarni saflarini to‘g‘irlab olishga da’vat qilmaydi, balki, muazzin iqomani aytib bo‘lishi bilan namozga kirishadi.
Shunday bo‘lsada, “Az-Zahiyriyya” kitobida quyidagi masala ham zikr qilingan:
"وَلَوْ أَخَّرَ حَتَّى يَفْرُغَ الْمُؤَذِّنُ مِنْ الْإِقَامَةِ لَا بَأْسَ بِهِ فِي قَوْلِهِمْ جَمِيعًا" (الظَّهِيرِيَّةِ)
Ya’ni, “Agar imom namozga kirishishni muazzin iqomat aytishdan forig‘ bo‘lguniga qadar kechiktirib tursa, barcha imomlar (Imom Abu Hanifa va ikki shogirdlari)ga ko‘ra, joizdir” (“Fatavo Az-Zahiyriyya” kitobi).
Demak, imom Abu Hanifa va Imom Abu Yusuf o‘rtalaridagi ushbu ikki xil qarash asosan ushbu ikki holatdan qaysi biri afzal ekani borasida ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Lekin mazhabimizdagi ayrim mutaaaxxir fuqaholar imom qavmga saflarni to‘g‘rilab olishini eslatishi joiz ekanini ochiq aytishgan. Jumladan, Imom Zaylaiy “Kanz”ning sharhida shunday deydilar:
وَيَنْبَغِي لِلْقَوْمِ إذَا قَامُوا إلَى الصَّلَاةِ أَنْ يَتَرَاصُّوا وَيَسُدُّوا الْخَلَلَ وَيُسَوُّوا بَيْنَ مَنَاكِبِهِمْ فِي الصُّفُوفِ وَلَا بَأْسَ أَنْ يَأْمُرَهُمْ الْإِمَامُ بِذَلِكَ لِقَوْلِهِ عَلَيْهِ الصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ { سَوُّوا صُفُوفَكُمْ فَإِنَّ تَسْوِيَةَ الصَّفِّ مِنْ تَمَامِ الصَّلَاةِ } وَلِقَوْلِهِ عَلَيْهِ الصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ { لَتُسَوُّنَّ صُفُوفَكُمْ أَوْ لَيُخَالِفَنَّ اللَّهُ بَيْنَ وُجُوهِكُمْ } وَهُوَ رَاجِعٌ إلَى اخْتِلَافِ الْقُلُوبِ
“Qavm namozga turganlarida, saflarini rostlab, tekislashlari va oradagi ochiq joylarni to‘ldirishlari hamda yelkalarini barobar qilishlari lozimdir. Imom namozni boshlashdan oldin ularga saflarni tekislab, oralarda ochiq joy qolmasligini buyurishi joizdir. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Saflaringizni barobar qilinglar. Zero, safni tekislash namozning mukammalligidandir”, deganlar. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Yo saflaringizni tekislaysizlar yoki Alloh taolo bir-birlaringizga yuzlaringizni ters qilib qo‘yadi”, deganlar. Bu hadisda zikr qilingan “yuzlarni ters bo‘lib qolishi” qalblarni o‘zaro qarama-qarshi bo‘lib qolishiga bog‘liq” (“Tabyinul haqoiq” kitobi).
Ushbu ma’lumot “Durarul-hukkam”da va “Fathullohul-mubiyn” kitoblarida ham keltirib o‘tilgan.
Xulosa qilib aytganda, imom ushbu masalada holatdan kelib chiqib ish tutishi maqsadga muvofiq. Ya’ni, agar qavm saflarni to‘g‘irlab olishini eslatishga ehtiyoj bo‘lmasa, iqomat bilan takbiri tahrima orasini bo‘lmasligi afzal. Agar namozni boshlashdan avval qavmning saflarni to‘g‘irlab olishini eslatishga ehtiyoj bo‘lsa, “Saflarni to‘ldirib, tekislab olinglar” deyishi ham joiz. Lekin takbiri tahrimadan oldin "ma’ruza" qilib, iqoma va takbiri tahrima orasini ko‘p miqdorda bo‘lib qo‘yish yaxshimas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.