3 MARTA OMIN DEYILGAN HADIS

ID: 3906

04.11.2025

113

Savol:

Assalomu alaykum va rohmatulloh Rosululloh sollallohu alayhi va sallam minbarga chiqayotib 3 marotaba omin deganlari haqida hadislari ham bor edi adashmayotgan boʻlsam, shu haqida ham maʼlumot bormi, biror ulamoimiz aytib berganlarimi

Javob:

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar va: «Omiyn, Omiyn, Omiyn», dedilar. Shunda (sahobalar buning sababini so‘rashgach,) u zot aytdilar: «Mening huzurimga Jabroil alayhissalom kelib, dedi: «Ey Muhammad, kim ota-onasidan birini (yoki ikkalasini) ularning keksaligida topib (ya’ni, ular hayot bo‘la turib, xizmatlarini qilmay) vafot etsa va do‘zaxga kirsa, Alloh uni (rahmatidan) uzoqlashtirsin! «Omiyn» deng». Men «Omiyn» dedim. (Jabroil) yana dedi: «Ey Muhammad, kim Ramazon oyiga yetib kelib, (gunohlari) mag‘firat qilinmay vafot etsa va do‘zaxga kirgizilsa, Alloh uni uzoqlashtirsin! «Omiyn» deng». Men «Omiyn» dedim. (Jabroil) yana dedi: «Kimning huzurida siz zikr qilinsangiz-u, sizga salavot aytmasa, so‘ng (shu holida) vafot etsa va do‘zaxga kirsa, Alloh uni uzoqlashtirsin! «Omiyn» deng». Men «Omiyn» dedim». (Imom Tabaroniy "Mu’jamul Kabir"da rivoyat qiladi)

Sharh: Ushbu muborak hadis mo‘min kishi uchun uchta ulkan imkoniyat eshigini va bu imkoniyatlarni boy berish naqadar katta badbaxtlik ekanini bayon qiladi. Bu uch holatning ahamiyati shundaki, ularni bajarmagan kishiga farishtalarning ulug‘i Jabroil alayhissalom duoibad qilmoqdalar, Payg‘ambarlarning so‘nggisi Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa bu duoga "Omiyn" deb, uning qabul bo‘lishini so‘ramoqdalar. Bular – Ramazon oyidek rahmat va mag‘firat mavsumiga yetib, gunohlaridan poklana olmaslik; keksayib qolgan ota-onaning xizmatini qilib, ularning roziligi orqali jannatga erishish fursatini qo‘ldan chiqarish; suyukli Payg‘ambarimizning nomlari zikr qilinganda u zotga salavot aytishdek kichik amal orqali ulkan ajrlardan bebahra qolishdir. Bularning barchasi bandaning Alloh rahmatidan uzoqlashishiga olib keluvchi katta mahrumliklardir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar