Isro va Me’roj nabaviy mo‘jizalardan sanaladimi, uni inkor qilishining hukmi nima?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
"Isro" (الإسراء) Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamni kechaning bir bo‘lagida Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirishidir. "Me’roj" (المعراج) esa, Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Quddusi sharifdan yuqoriga, ya’ni, O‘zining Huzuriga ko‘tarishidir. Isro va Me’roj katta nabaviy mo‘jizalardan biri va unga imon keltirish vojibdir. Ahli sunna val jamoa jumhur ulamolari so‘ziga ko‘ra har ikkisi ham Payg‘ambarimiz alayhissalomning ruh va jasadlari bilan o‘yg‘oqlik holatlarida bo‘lgan. Uyqu holatida bo‘lmagan. Isro voqeasi Qur’oni karimning oyatlari bilan sobit bo‘lgan. Qur’oni karimda shunday deyiladi:
سُبْحَانَ الَّذِي أَسْرَى بِعَبْدِهِ لَيْلًا مِنَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ إِلَى الْمَسْجِدِ الْأَقْصَى الَّذِي بَارَكْنَا حَوْلَهُ لِنُرِيَهُ مِنْ آَيَاتِنَا...
ya’ni: “(O‘z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo‘’jizalarimizdan ko‘rsatish uchun (Makkadagi) Masjidi Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidi Aqsoga tunda sayr qildirgan zotga tasbeh aytilur...” (Isro surasi 1-oyat) Isro voqeasini inkor qilish kufr bo‘ladi. Chunki bu qat’iy dalil (ya’ni, muhkam oyat)ga qarshi chiqishdir. Me’roj esa sahih hadislar va ijmo’ bilan sobit bo‘lgan. Lekin uni inkor qilgan kishini kofirga chiqarilmaydi, balki u fosiq, bid’atchi bo‘ladi. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida shunday deydilar: “Me’roj xabari haqdir. Kim uni rad qilsa bid’atchi va adashgan bo‘ladi”. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.