Men odatda besh kun hayz holatidan pok bo‘lardim. Bu safar ham poklandim deb g‘usl qildim, bomdod namozi va Qur’on o‘qidim. Peshin paytida yana uzrli holatda ekanimni bildim. Bu holatimning hukmi qanday?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Bunday holatda namoz, ro‘za kabi hayzda taqiqlangan ibodatlarni qilmay turasiz. Chunki odatingiz o‘zgarayotgan bo‘lishi mumkin. Agar besh kundan keyin ham qon kelib, o‘n kun va undan kam muddatda to‘xtasa, odatingiz ana shu muddatga o‘zgargan bo‘ladi va bu kunlar hayzli kunlaringiz hisoblanadi. Agar o‘ninchi kuni to‘xtamay, o‘n birinchi kunda ham kelsa, odatingiz besh kunda turgan bo‘lib, keyingi kunlarda istehoza qoni kelayotgan bo‘ladi va oradagi besh kunning qazosini o‘qib qo‘yasiz. Odatdan keyingi kunlarda kelayotgan qon istehoza bo‘lishi mumkin degan taxmin bilan g‘usl qilib, namozlarni o‘qishga kirishmaydi. Balki o‘n kunga yetishini kutib turadi. Vallohu a’lam.