DARDGA YO‘LIQISHIMIZ GUNOHLARIMIZ KO‘PLIGIDANMI?

ID: 299

04.04.2025

39

Savol:

Allohning amrisiz zarra tikon ham kirmaydi deyishadi. Turli xil dardga yo‘liqishimiz gunohlarimiz ko‘pligidanmi yoki boshqa sababi ham bormi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bugungi kunda musulmon odam giriftor bo‘layotgan har qanday balo-ofat, qiyinchiliklar – ular umumiy bo‘lsin, xos bo‘lsin – insonlarning zulmi tufayli berilgan ilohiy jazo degan tushuncha paydo bo‘lib qolgan. Kimdir biror baloga yo‘liqsa, u odam solihmi, fosiqmi, kattami, kichikmi, balog‘atga yetganmi, yetmaganmi, oqilmi, majnunmi, mas’ulmi, mas’ul emasmi, aybdormi, beaybmi – farqi yo‘q, hammasi qilgan zulmi va gunohlari uchun ilohiy jazo olibdi, deyishadi. Nimaga bunday deyapsiz deb so‘ralsa, Alloh taoloning “Sizga qaysi bir musibat yetsa, o‘z qo‘lingiz qilgan kasbdandir”, degan oyati bilan javob berishadi (SHuuro surasi, 30-oyat).

Boshimizga tushgan balo-musibatlarning sababi haqiqatdan ham gunohlarmi? Bu oyatning yagona tafsiri shumi?

Mufassir Ikrima ushbu oyatning sharhida “Bandaning qoqilishi yoki undan qattiqroq narsaga uchrashi Alloh uning biror gunohini mag‘firat qilishi yoki biror darajaga ko‘tarishi uchundir”, degan (Tafsiri Bag‘oviy).

Balo-ofat va qiyinchiliklar odamning o‘z qo‘li bilan kasb qilgan ishi uchun jazo o‘laroq berilgani kabi  boshqa sabablarga ko‘ra tushishi ham mumkin. Masalan, payg‘ambarlarga, solihlarga tushadigan balolar ana shunday. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning eng og‘ir baloga uchraydigani anbiyolardir, so‘ng eng afzallaridir”, deganlar (Bazzor, Ahmad va boshqalar rivoyat qilishgan).

Ikrima aytganidek, bu kabi balolar bandaning zulmi tufayli berilgan jazo emas, balki uning darajasini ko‘tarishdir.

Bu borada shayx Ibn Oshur shunday deydi: «Solihlarning boshiga tushgan balo-ofatlar, musibat va alamlar ularning ajri ziyoda bo‘lishiga va Allohdan o‘zga hech kim bilmaydigan boshqa narsalarga sabab bo‘ladi. Alloh ba’zan haddidan oshganlarga yaxshiliklar, ne’matlar ham beradi, bu esa azobini kechiktirish va bundan boshqa, Allohdan o‘zga hech kim bilmaydigan sabablar uchundir. U Zot maxluqotlarining barcha sir-asrorlarini, niyatlarini, yaxshilik va yomonliklardan iborat amallarining miqdorini hamda nafslari va aqllarining turli yaxshilik va yomonliklarga bo‘lgan iste’dodini biladi».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh mo‘min uchun biror narsani taqdir qilsa, unga albatta yaxshilik bo‘ladi va mo‘minlardan boshqalarda bunday bo‘lmaydi: agar unga xursandchilik yetsa, shukr qiladi va bu uning uchun yaxshilik bo‘ladi; biror zarar yetsa, sabr qiladi va bu ham uning uchun yaxshilik bo‘ladi», dedilar». Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 

Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar