ASALNING ZAKOTI

ID: 933

04.04.2025

200

Savol:

Asalarichilik bilan shug‘ullanamiz. Agar 653 kg asal olsak, 1/10 (o‘ndan biri)ni berishimiz kerak. Biz foydani 1/10 ni beramizmi yoki 653 kg dan 65.3 kg beramizmi? Tog‘li tumanlarga olib boramiz, ancha xarajat ketadi. Agar 65.3 kg ni ajratsak bizga deyarli foyda qolmaydi, yana bilmadim?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Asalning ushri sof foydadan emas, yig‘ilgan jami asalning o‘ndan biri beriladi. Ushrni hisoblayotganda xarajatlar chiqarib tashlanmaydi. Asalning miqdori qanchaga yetsa, undan ushr berilishi masalasida Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan qilingan rivoyatga ko‘ra qancha asal olinsa ham uni o‘ndan biri beriladi. Ikki shogirdlari: Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlar rahmatullohi alayhimo nazdida esa asalning miqdori besh vasaq (653 kg)ga yetsa, keyin o‘ndan birini beradi, agar besh vasaqqa yetmasa, bermaydi.

Ushr beriladigan hosildan xarajatlar chiqarib tashlanmasligining sababi bu mavzudagi oyat va hadis mutlaq (hech qanday qaydlarsiz) kelgan. Qur’oni karimda shunday deyiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَنفِقُوا مِن طَيِّبَاتِ مَا كَسَبْتُمْ وَمِمَّا أَخْرَجْنَا لَكُم مِّنَ الْأَرْضِ 

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! O‘z qo‘l mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz!...” (Baqara surasi 267-oyat).

Oyati karimada ehson qilishga umumiy buyruq bor, xarajatlar chiqarilishi yoki chiqarilmasligi haqida hech narsa deyilmagan. 

Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  أَنَّهُ أَخَذَ مِنْ الْعَسَلِ الْعُشْرَ  (رواه الامام ابن ماجه)

ya’ni: “Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam asaldan ushr (o‘ndan biri)ni oldilar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari). 

Bu hadisi sharifda ham xarajatlar haqida tafsilot keltirilmagan. 

Deyarli barcha hanafiy fiqh manbalarda ushr bermoqchi bo‘lgan kishi xarajatlarni chiqarib tashlamasligi va ko‘pmi, kammi yig‘ib olgan asalidan ushr berilishi aytilgan:

ولا تحسب مئونته، والخرج عليه. وفي العسل العشر قل أو كثر إذا أخذ من أرض العشر

ya’ni: “(Ushr beriladigan mahsulotlarning) sarf-xarajatlari hisoblanmaydi. Asal ko‘pmi, kammi ushriy yerdan olinsa, uning o‘ndan biri beriladi” (“Al-Muxtor lil-fatvo” kitobi).

Ba’zi hollarda asalarichilar siz aytgan qiyinchiliklarga duch kelishsa, imkon qadar Alloh taologa taqvo qiladilar va Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning (rahmatullohi alayhimo) so‘zlariga amal qilib, asalning miqdori besh vasaq (≈653 kg)ga yetsa, keyin xarajatlarni chiqarmasdan o‘ndan birini beradilar.

Lekin holat mo‘’tadil bo‘lganda, Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning so‘zlariga amal qilib, yig‘ilgan asal kammi, ko‘pmi xarajatlarni chiqarmasdan o‘ndan birini berish eng ehtiyotli yo‘l ekanini eslatamiz. Alloh yanada biluvchidir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar