TAXORAT SUVI

ID: 3331

16.10.2025

241

Savol:

Assalomu aleykum. Oftobda turib qolgan suvidan taxorat olsa bo‘ladimi? Zang idishda turib qolgan suvdanchi? Xozirgi ishlab chiqarilayotgan pardoz schyotkalardan foydalanish mumkinmi eshtishimcha aksari cho‘chqaning Tukidan qilinar ekan

Javob:

  1. Quyoshda isigan suvni ishlatish borasida ulamolarimiz turli xil fikr bildirganlar. Ba’zilari bu suvni ishlatish makruh degan bo‘lsalar, ba’zilari makruh emas deganlar. Jumladan, "Bahrur roiq" kitobida bunday deyilgan:

وَيُكْرَهُ بِالْمَاءِ الْمُشْمِسِ

ya’ni: "Quyoshda isigan suv bilan tahorat qilish makruhdir".

Mana shu ma’nodagi gap "Fathul qodir", "Me’rojud diroya", "Qunya" va boshqa fiqhiy kitoblarimizda ham kelgan. Bu borada mashhur hanafiy mazhabimizdagi alloma Muhammad Amin Ibn Obidiyn rahmatullohi alayh shunday deganlar:

وَالظَّاهِرُ أَنَّهَا تَنْزِيهِيَّةٌ عِنْدَنَا

ya’ni: "To‘g‘rirog‘i shuki, quyoshda isigan suv bilan tahorat qilish bizni mazhabimizda makruhi tanzihi (yengil makruh)dir".

Bu masalada "E’lous sunan" sohiblari Zafar Ahmad Usmoniy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

الصحيح عندي أن هذه الكراهة طبية لا شرعية

ya’ni: "Quyoshda isigan suvdan foydalanish makruhligi meni nazdimda tibbiy tomondan, shariat nuqtai nazaridan emasdir".

Mazhabimizdagi mashhur, muhaqqiq alloma Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh esa, "Mirqotul maqotih" kitoblarida quyoshda isigan suv ishlatilsa, badanga oqlik tushadi mazmunidagi rivoyatlarni dalillikka yaramasligini ta’kidlab, shunday xulosa qiladilar:

أنه لا أصل لكراهته

ya’ni: "Quyoshda isigan suvni makruh deyishga asos yo‘q".

Quyoshda isigan suvni ishlatish borasida ulamolarimizning o‘rtalarida turli xil gaplar mavjudligi sababli, imkon qadar quyoshda isigan suvdan foydalanmaslikka harakat qilinadi, bordiyu zarurat bo‘lib, boshqa suv topilmaganda undan foydalanish mumkin bo‘ladi. Chunki ulamolar bir masalada turli xil fikrlarni aytgan bo‘lsalar, masala yengillashadi.

  1. Fiqhga ko‘ra, suvga zang yoki tuproq kabi pok narsa aralashib, uning rangi, ta’mi yoki hidi o‘zgarsa ham, u pok bo‘lib qolaveradi va poklovchilik xususiyatini yo‘qotmaydi. Bu masala mo‘’tabar manbalardan bo‘lmish "Raddul muhtor" kitobida quyidagicha keltirilgan:

وكذا يجوز بماء خالطه طاهر جامد مطلقا. قوله: مطلقا أي سواء كان المخالط من جنس الأرض كالتراب أو يقصد بخلطه التنظيف كالأشنان والصابون أو يكون شيئا آخر كالزعفران

"Shuningdek, unga pok va qattiq narsa aralashgan suv bilan (tahorat olish) mutlaqo joizdir. Muallifning «mutlaqo» degan so‘zining ma’nosi: xoh aralashgan narsa tuproq kabi yer jinsidan bo‘lsin, xoh sovun va ishqor kabi tozalash maqsadida qo‘shilgan bo‘lsin, xoh za’faron kabi boshqa narsa bo‘lsin, farqi yo‘q".

Demak, suvga tuproq kabi qattiq va pok narsalar aralashishi uning hukmini o‘zgartirmaydi. Asosiy sharti shuki, suv o‘zining oquvchanlik xususiyatini yo‘qotib, quyuq loyga aylanib qolmagan bo‘lsa kifoya. Shunday ekan, bu suv bilan tahorat olish va g‘usl qilish mumkin.

  1. Cho‘chqaning barcha a’zolari, jumladan, uning juni ham najas hisoblanadi. Shu sababli, cho‘chqa junidan tayyorlangan har qanday buyumdan, jumladan, makiyaj uchun mo‘ljallangan kosmetik cho‘tkalardan foydalanish joiz emas.

Boshqa hayvonlarning juni esa, ularning go‘shti halol yoki harom bo‘lishidan qat’i nazar, pok hisoblanadi. Binobarin, agar kosmetik cho‘tkalar cho‘chqanikidan boshqa hayvonlarning junidan yasalganligi aniq bo‘lsa, ulardan foydalanish mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar