Assalomu alaykum ustoz. Bilamizki farz namozlaridan tashqari fazilatli namozlar mavjud Masalan Zuxo. Zuho namozining vaqti quyosh nayza bo‘yi ko‘tarilgandan 15 daqiqa o‘tib boshlanadi va zavolning boshlanishidan 15 daqiqa avvaligacha cho‘ziladi. Eng afzal vaqti issiqning tafti kuchaygan vaqtdir, deb belgilab berganlar olimlarimiz. Meni qiziqtiradigan joyi Zuxo namozidan oldin ya’ni quyosh chiqqandan so‘ng 15-20 minutdan keyin o‘qiladigan Shuruq(Ishroq) namozi mavjud bo‘lib, har bir namozda kirish va chiqish vaqti bo‘lganidek mazkur namozning kirish vaqtini olimlarimiz quyosh chiqqandan so‘ng 15-20 minutdan keyin o‘qish joizligini aytishgan. Lekin mazkur namozning chiqish vaqti haqida ma’lumot topolmadim. Shu haqida ma’lumot bersangiz iltimos.
Aksar ulamolar nazdida, Ishroq va Zuho namozlari aslida bir namoz bo‘lib, avvalgisining alohida tugash vaqti yo‘q. Zuho namozi o‘z vaqtining eng avvalida o‘qilganida «Ishroq» deyiladi.
«Quvayt fiqh entsiklopediyasi»da bunday xulosa qilingan:
بتتبع ظاهر أقوال الفقهاء والمحدثين يتبين: أن صلاة الضحى وصلاة الإشراق واحدة إذ كلهم ذكروا وقتها من بعد الطلوع إلى الزوال ولم يفصلوا بينهما.
«Faqihlar va muhaddislarning so‘zlarini o‘rganish natijasida ma’lum bo‘ladiki, Zuho va Ishroq namozlari bitta namozdir. Zero, ularning barchasi bu namozning vaqti quyosh chiqqanidan to zavolgacha ekanini zikr qilishgan va ikkisining orasini ajratishmagan».