Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh. Javob uchun katta rahmat. Aslida bu savolni berishimga quyidagi xolat sabab bo‘lgandi: kichkina qizim "dada shu derazadan kirib kelib bizning tarvuzni yeyayotgan ari qiyomatda javob beradimi" deb savol bergandi. Men "yo‘q, u javobgar bo‘lmaydi. Chunki ularda nafs bor xolos aql yo‘q. Bu ishni ular noto‘g‘ri ekanligini bilishmaydi va ular bundan qaytarilmagan" deb javob bergan edim. Keyin siz batafsil keltirgan hadis ma’nosi yodimga tushdi va men noto‘g‘ri javob berdimmikin deb o‘ylanib qolgandim. Endi sizning javobingizdan olgan xulosam: Muqobala faqat hayvonni hayvonga munosabati uchun amalga oshiriladi. Hayvonning insonga yoki aksincha munosabatida esa muqobala qilinmaydi. To‘g‘ri tushundimmi? Shunda o‘sha ari qiyomat kuni mening tarvuzimdan yeganligi uchun menga haq to‘laydimi? Chunki hayvonot olamida har bir turga o‘z vazifasi yuklatilgan. Masalan: chorva hayvonlari insoniyat uchun go‘sht, sut, jun va tezaklar bilan foyda keltirish uchun hayot kechirishi lozim. Biror sigirni sutini sog‘ib olgan odamdan sigir qiyomatda haqqini talab qilmaydi. Yoki uni so‘ygan qassobdan qiyomatda u meni so‘yib o‘ldirdi deb haq talab qilmaydi. Lekin sigiriga ozuqa bermay uni sog‘ib olgan odam yoki buqani o‘tmas pichoq bilan so‘ygan qassob ham qiyomatda javob beradi. Endi yana savol tug‘iladi: hayvonga zulm qilgan insondan hayvonga nima olib beriladi va insonni suzgan yoki tishlagan hayvondan insonga nima olib beriladi? Insonlar o‘rtasida bu masala ma’lum: zolim inson mazlum insonga savobidan beradi yoki gunohidan oladi. Javob uchun oldindan rahmat.
Qiyomatdagi hayvonlar o‘rtasidagi hisob-kitob, insonlarniki kabi jazo yoki mukofot uchun emas, balki Alloh taoloning mutlaq adolatini namoyon qilish uchundir. Shu sababli, tarvuzingizni yegan ari bu ishi uchun javobgar bo‘lmaydi va sizga uning haqqini to‘lamaydi, chunki u shariatga mas’ul emas, balki o‘z fitrati bilan yashaydi.
Inson hayvonga zulm qilsa, hayvonning haqqini poymol qilgani uchun emas, balki Allohning yaratgan maxluqiga ozor berish haqidagi amriga qarshi chiqqani uchun javob beradi. Bu holatda insondan savob olinib hayvonga berilmaydi, balki inson Allohning oldida qilgan gunohi uchun jazolanadi. Hayvon tomonidan insonga yetkazilgan zarar esa inson uchun bir sinov bo‘lib, unga sabr qilsa ajr oladi.