Men namozimda ba’zan unutib, Fotihadan oldin Attahiyotni, ba’zan Salovatni o‘qib qo‘yaman. Esimga tushgandan keyin Fotihani o‘qiyman. Bu holatda namozim buzilmaydimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bu holatda namoz buzilmaydi. Ammo holatga qarab, sajdai sahv vojib bo‘lishi va bo‘lmasligining tafsiloti bor:
1 – Agar siz birinchi rakatda Fotiha surasidan oldin Tashahhudni o‘qib qo‘ysangiz, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Chunki tashahhud sano, maqtov hisoblanadi. Birinchi rakatda Fotihadan oldingi vaqt sano o‘rni hisoblanadi.
2 – Agar farz yoki nafl namozlarning ikkinchi rakatida yoki farzdan boshqa namozlarning uchinchi va to‘rtinchi rakatida Fotihadan oldin Tashahhudni o‘qib qo‘ysangiz, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Chunki bu yerda vojib bo‘lgan Fotihani o‘qishni kechiktirgan bo‘lasiz. Namozda vojibni kechiktirish sajdai sahvni vojib qiladi.
3 – Agar farz namozlarining uchinchi va to‘rtinchi rakatida fotihadan oldin tashahhud o‘qib qo‘ysangiz, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Chunki farz namozlarning uchinchi va to‘rtinchi rakatlarida Fotiha surasini o‘qish vojib emas, mustahab amal.
Bu haqida fiqhiy manbalarimizda ma’lumotlar kelgan. Jumladan, “Hoshiyatut Tahtoviy”da shunday deyilgan:
"ولو قرأ التشهد مرتين في القعدة الأخيرة أو تشهّد قائمًا أو راكعًا أو ساجدًا لا سهو عليه، منية المصلي. لكن إن قرأ في قيام الأولى قبل الفاتحة أو في الثانية بعد السورة أو في الأخيرتين مطلقاً لا سهو عليه، وإن قرأ في الأوليين بعد الفاتحة والسورة أو في الثانية قبل الفاتحة وجب عليه السجود؛ لأنه أخر واجباً".
“Agar namozxon oxirgi qa’dada ikki marta tashahhud o‘qib qo‘ysa yoki qiyom, ruku va sajdada o‘qib qo‘ysa, sajdai sahv lozim bo‘lmaydi. Munyatul musolliyda shunday kelgan. Agar birinchi rakatda Fotihadan oldin yoki ikkinchi rakatda zam suradan keyin yoki uchinchi to‘rtinchi rakatlarda tashahhud o‘qib qo‘ysa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Agar birinchi va ikkinchi rakatda fotiha va zamsuradan keyin yoki ikkinchi rakatda fotihadan oldin o‘qib qo‘ysa, sajdai sahv vojib bo‘ladi. Chunki u vojibni kechirgan bo‘ladi”.
Mazkur holatlar unutgan holatda shunday qilib qo‘yishiga tegishli. Bu yerda tashahhud o‘qib qo‘yilishi aytildi. Salovat ham mana shu hukmga kiradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.