Assalomu alaykum! Qabr har bir kishini bir marta siqadi deb eshitganman, mumin yoki kofir bulishidan qat'i nazar. Shu gap rostmi?
Hadisi sharifda aytilganidek, qabr har bir kishini siqadi. Mo‘min kishini qanday siqishi borasida ulamolar ixtilof qilganlar. Bu masalada ikki xil fikr mavjud: 1-fikr: Qabr har bir mo‘minga ham ta’sir qiladi va uni siqadi. Lekin solih mo‘minga bu siqish kuchli bo‘lsa ham, unga tez orada yengillik va kenglik keladi. Qabri kengayib, azob uzoq davom etmaydi. Ammo fosiq (gunohkor) mo‘minga uning gunohlari va osiyligiga qarab bu siqish qattiqroq va uzoqroq bo‘ladi. Abu Qosim Sa’diy rahimahulloh aytganlar: “Qabr siqishidan na solih, na fojir qutulolmaydi. Lekin musulmon bilan kofir o‘rtasidagi farq shundaki, kofir uchun bu siqish uzluksiz davom etadi, mo‘min esa avval boshida siqiladi, keyin unga kenglik va yengillik beriladi”. Hakim at-Termiziy rahimahulloh deydilar: “Qabr siqishining sababi shundaki, har qanday odam, hatto solih bo‘lsa ham, hayoti davomida biron gunoh qilgan bo‘ladi. Shu gunohining jazosi sifatida qabr unga bir marta siqadi, so‘ngra Allohning rahmati yetib boradi va u yengillashadi”. Bu so‘zlar Suyutiyning «Sunan an-Nasoiy» sharhida va Ramliyning «Fatovo» kitoblarida keltirilgan. 2-fikr: Qabr mo‘min solihlarni ham siqadi, ammo bu siqish – mehr va shafqat bilan bo‘ladi. Unda og‘riq yoki azob bo‘lmaydi. Ammo gunohkor musulmonlarga ularning gunohlari va yomon amallariga qarab bu siqish qattiq va azobli bo‘ladi. Muhammad at-Taymiy rahimahullohdan shunday naql qilinadi: “Aytilishicha, qabr siqishining asli – qabr insonning onasidir. Odamlar undan yaratilgan va uzoq vaqt undan yiroqda yashagan. Endi ular o‘z onasi – yerga qaytib kelishgan. Ona o‘g‘lini uzoqdan keyin qayta ko‘rganida, uni rahm-shafqat bilan bag‘riga bosganidek, qabr ham mo‘minni mehr bilan quchoqlaydi. Agar u Allohga itoat qilgan bo‘lsa, qabr uni rahmat bilan siqadi. Agar Allohga osiy bo‘lgan bo‘lsa, qabr uni g‘azab bilan qattiq siqadi”. Bu rivoyatni Suyutiy «Sunan an-Nasoiy» sharhida va «Bashro al-Ka’ib bi liqo al-Xabib» kitobida keltirgan.