NAMOZDA SAFDA TURISH

ID: 2433

07.09.2025

149

Savol:

Assalom alekum, savolim shuki, bir kuni jamoat namozga kechikibroq keldim, safda turganimda yonimdagi kishining qarshisida oldindagi safdan ozroq ochiq joy borligini ko'rdim kishi sig'maydigan darajada, 2-rakat boshlanganda u bo'sh joy kishi sig'adigan darajaga kelib qoldi. Shu holatda oldingi safga yonimdagi kishi o'tishi kerakmi bo'sh joyni to'ldirish uchun va agar mumkin bo'lsayu, yonimdagi kishi o'tmasa oldinga, men o'tsam bo'ladimi, yonimdagi kishini namozini kesib qo'ygan bo'lmaymanmi?

Javob:

Hanafiy fiqhidagi eng mo‘’tabar kitoblardan bo‘lmish, “Raddul muhtor”da bunday deyilgan:

وَفِي الْقُنْيَةِ قَامَ فِي آخِرِ صَفٍّ وَبَيْنَهُ وَبَيْنَ الصُّفُوفِ مَوَاضِعُ خَالِيَةٌ فَلِلدَّاخِلِ أَنْ يَمُرَّ بَيْنَ يَدَيْهِ لِيَصِلَ الصُّفُوفَ لِأَنَّهُ أَسْقَطَ حُرْمَةَ نَفْسِهِ فَلَا يَأْثَمُ الْمَارُّ بَيْنَ يَدَيْهِ، دَلَّ عَلَيْهِ مَا فِي الْفِرْدَوْسِ عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ عَنْهُ ﷺ «مَنْ نَظَرَ إلَى فُرْجَةٍ فِي صَفٍّ فَلْيَسُدَّهَا بِنَفْسِهِ؛ فَإِنْ لَمْ يَفْعَلْ فَمَرَّ مَارٌّ فَلْيَتَخَطَّ عَلَى رَقَبَتِهِ فَإِنَّهُ لَا حُرْمَةَ لَهُ» أَيْ فَلْيَتَخَطَّ الْمَارُّ عَلَى رَقَبَةِ مَنْ لَمْ يَسُدَّ الْفُرْجَةَ.

“Qunya” kitobida shunday deyiladi: “Bir kishi oxirgi safda tursa-yu, u bilan oldingi saflar o‘rtasida bo‘sh joylar bo‘lsa, keyin kelgan kishi saflarga yetib olish uchun uning oldidan o‘tishi mumkin. Chunki u (oldindagi bo‘sh joyni to‘ldirmagan kishi) o‘zining hurmatini ketkazgan bo‘ladi. Shuning uchun uning oldidan o‘tuvchi kishi gunohkor bo‘lmaydi. Bunga “Firdavs” kitobida Ibn Abbosdan rivoyat qilingan ushbu hadis dalolat qiladi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kim safda ochiq joyni ko‘rsa, uni o‘zi to‘ldirsin. Agar shunday qilmasa va biror o‘tuvchi o‘tsa, uning bo‘ynidan hatlab o‘tsin, chunki u kishi uchun hurmat yo‘qdir». Ya’ni, o‘tuvchi kishi safdagi bo‘sh joyni to‘ldirmagan kishining bo‘ynidan hatlab o‘tsin”.

Shunga ko‘ra, jamoat namozida safdagi bo‘sh joyni to‘ldirishga birinchi navbatda o‘sha joyga yaqin turgan kishi mas’uldir. Demak, yoningizdagi kishi oldindagi safda kishi sig‘adigan darajada joy ochilganini ko‘rishi bilanoq o‘sha joyni to‘ldirishi kerak edi. Agar u bu vazifani bajarmasa, matnda ta’kidlanganidek, u o‘zining hurmatini ketkazgan hisoblanadi. Shu sababli, siz uning yonidan o‘tib, oldingi safdagi bo‘sh joyni to‘ldirishingiz joiz. Bunda siz uning namozini kesgan yoki gunohkor bo‘lgan hisoblanmaysiz, chunki safdagi kamchilikka yo‘l qo‘ygan kishining oldidan o‘tishga shar’an ruxsat berilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar