Assalomu alaykum. Men Oʻzbekiston Xalqaro Islomshunoslik Akademiyasida dinshunoslik yoʻnalishida tahsil oʻqiyman. Bizda yangi, din va bioetika fani oʻqitilyapti. Fan doirasidagi mavzulardan birida "inson va uning hayoti muqaddas" degan fikrlar ustozimiz tomonidan bildirildi. Savolim; muqaddas kalimasini insonlarga nisbatan ishlatish dinimizda joizmi?
Arab tilidagi eng nufuzli lug‘atlardan bo‘lmish "Lisanul arab" kitobida "taqdis" "قدّس" fe’li Allohni barcha ayb va nuqsonlardan poklash, ulug‘lash ma’nosini anglatishi ta’kidlanadi. Allohning go‘zal ismlaridan biri bo‘lgan "al-Quddus" ham Uning har qanday kamchilikdan xoli, mutlaq pok va munazzah Zot ekanini ifodalaydi. Shu sababli, muqaddaslikning haqiqiy va mutlaq egasi faqatgina Alloh taolodir.
Shu bilan birga, "muqaddas" kalimasining "pok", "toza", "barakotli" va "ulug‘langan" kabi boshqa ma’nolari ham mavjud. Qur’oni karimda "الأرض المقدسة" (muqaddas, ya’ni barakotli va poklangan zamin) kabi iboraning kelishi bunga misol bo‘ladi. Bu o‘rinlarda "muqaddas" sifati o‘sha joyning Alloh tomonidan barakotli qilingani va ulug‘langanini bildiradi. Demak, inson hayotiga nisbatan bu so‘zni ishlatganda, uning ilohiy maqomga ega ekani emas, balki Alloh tomonidan yaratilgan ulug‘ ne’mat, uning daxlsizligi va qadri yuksak ekani nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, "inson va uning hayoti muqaddas" deyilganda, insonni ilohiylashtirish emas, balki uning hayoti Alloh tomonidan ato etilgan oliy, daxlsiz va qadrli omonat ekani tushuniladi. Bu qo‘llanish "muqaddas" so‘zining mutlaq ma’nosida emas, balki uning majoziy – "ulug‘langan", "hurmatga sazovor" va "daxlsiz" degan ma’nolarida keladi va dinimiz aqidasiga zid hisoblanmaydi.