MUHAMMADYASIN ISMI

ID: 12554

26.05.2026

188

Savol:

Muhammad Yasin ismini qo'yish joizmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohim. Ha, Muhammad Yasin ismini ham, Yasin ismini ham qo'yish joiz. Bir qancha ulamolar “Yasin” Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlaridan biri ekanini ta'kidlaganlar. Yasin ismini qo'yish Islom ummatida qadimdan mavjud bo'lgan. Hozirda ham Misr va Shom diyorlarida bu ism keng tarqalgan. Bir qator olimlarning ismi ham Yasin bo'lgan. Shofe'iy ulamolardan Xatib Shirbiniy “Mug'nil muhtoj” kitobida aytadilar: “Farishtalar va payg'ambarlarning ismini, shuningdek, Yasin va Toha ismlarini qo'yish makruh emas”. Hanbaliy ulamolardan Alloma Buhutiy “Kashshoful qano'” kitobida shunday deydilar: “Jabroil ismini, boshqa farishtalarining ismlarini, shuningdek Yasin ismini qo'yish makruh emas”. Misr fatvo qo'mitasi, Devband fatvo markazi, Bannuri fatvo markazi kabi bir qator yirik fatvo uюshmalari Yasin ismini qo'yish joiz deb fatvo berganlar. Imom Molikdan “Yasin” ismini qo'yish yaxshi emasligi haqida rivoyat kelgan. Molikiy olim, mashhur mufassir Ibn Arabiy aytishlaricha, Imom Molik bundan Qur'oni karimdagi ko'rinishda (“Yo” va “sin” dan iborat) yozilgan “Yasin”ni nazarda tutganlar, yoyib yozilgan holatdagi “Yasin”ni emas. Ma'lumki, o'zbek tilida Yasin ismi Qur'oni karimdagi ko'rinishda yozilmaydi, shuning uchun ushbu ismni qo'yishga hech qanday mone'lik yo'q. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar