Nur surasi 26-oyati ma’nosi "er nopok bo‘lsa, xotin nopok bo‘ladi...". Qur’onga yuzlansak, nopok Fir’avnning xotini nopok bo‘lmaydimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Yo‘q, bu oyati karimadan Fir’avnning xotini nopok, degan xulosa chiqmaydi. Oyatning to‘liq ko‘rinishi:
الْخَبِيثَاتُ لِلْخَبِيثِينَ وَالْخَبِيثُونَ لِلْخَبِيثَاتِ وَالطَّيِّبَاتُ لِلطَّيِّبِينَ وَالطَّيِّبُونَ لِلطَّيِّبَاتِ أُولَئِكَ مُبَرَّءُونَ مِمَّا يَقُولُونَ لَهُمْ مَغْفِرَةٌ وَرِزْقٌ كَرِيمٌ
"Nopok ayollar nopok erkaklar uchun (loyiq)dir, nopok erkaklar nopok ayollar uchun (loyiq)dir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchun, pokiza erlar pokiza ayollar uchundir. Aynan o‘shalar (pokiza erlar va pokiza ayollar) ularning aytayotgan bo‘htonlaridan pokdirlar. Ular uchun mag‘firat va farovon rizq (jannat ne’matlari) bordir" (Nur surasi 26-oyat).
Alloh taolo Fir’avnning xotinini boshqa oyatda maqtagan: “Alloh imon keltirgan zotlar haqida Fir’avnning xotinini misol keltirdi. O‘shanda u: «Ey, Rabbim! O‘zing men uchun huzuringda (jannatda) bir uy bino qilgin, menga Fir’avn va uning qilmishidan najot bergin. Meni zolimlar qavmidan xalos etgin!» – dedi” (Tahrim surasi, 11-oyat).
Er-xotinning gohida har xil bo‘lishiga Payg‘ambarlarda ham misollar bor: “Alloh kofir bo‘lgan kimsalar haqida Nuhning xotini va Lutning xotinini misol keltirdi. U ikkisi Bizning bandalarimizdan ikki solih bandaning (qo‘l) ostida edilar. Bas, u (ayol)lar ularga xiyonat qildilar. (Nuh va Lut) Alloh(ning azobi)dan biror narsani u ikkisidan daf qila olmadilar. (Ularga): «Kiruvchilar bilan birga do‘zaxga kiringiz!» – deyildi” (Tahrim surasi, 10-oyat).
Aslida, Alloh taoloning oyatlarida qarma-qarshilik bo‘lmaydi. Lekin oyatlarni noto‘g‘ri tushunish sabab ma’nolari zid ko‘rinishi mumkin. Bu haqida Alloh taolo shunday deydi: "Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar" (Niso surasi 82-oyat).
Mana, o‘n to‘rt asr o‘tayotgan bo‘lsada, ilohiy mo‘’jiza – Qur’oni karim oyatlarida keltirilgan ma’lumotlarda birorta xato jumla topilgani yo‘q, topilmaydi ham. (Shayx Abdulaziz Mansur).
Endi Nur surasi 26-oyatining tafsiriga kelsak, bu oyat munofiqlar Oisha onamizni zinoda ayblaganda, poklash-oqlash bo‘lib kelgan. Shuning uchun aksar mufassirlar oyatdagi “Al-xobisat” so‘zini “nopok so‘zlar”, deb tafsir qilishgan. Bu tafsirga ko‘ra oyatning ma’nosi, munofiqlar aytayotgan nopok so‘zlar nopok odamlarga mos keladi, yaxshi so‘zlar esa yaxshi odamlarga mosdir. Oisha onamiz va boshqa pok kishilar munofiqlar aytayotgan gaplardan uzoqdir. “Al-xobisat” so‘zi “nopok ayol” ma’nosini ham ehtimol qilgani uchun ba’zi mufassirlar oyati karimani, aslida, pokka pok, nopokka nopok loyiq va mos keladi, deb tafsir qilganlar. Bu esa gohida pokka nopok to‘g‘ri kelib qolishi mumkinligini yo‘qqa chiqarmaydi.
Bu oyat “Tafsiri Jalolayn” kitobida shunday keltirilgan:
"الخبيثات" من النساء ومن الكلمات «للخبيثين» من الناس «والخبيثون» من الناس «للخبيثات» مما ذكر «والطيبات» مما ذكر «للطيبين» من الناس «والطيبون» منهم «للطيبات» مما ذكر أي اللائق بالخبيث مثله وبالطيب مثله
“Nopok ayollar va yomon so‘zlar yomon kishilarga, yomon kishilar nopok ayollar va yomon so‘zga xos (mos)dir. Pokiza ayollar va yaxshi so‘zlar yaxshi kishilarga, yaxshi kishilar pokiza ayollar va yaxshi so‘zlarga xos (mos)dir. Ya’ni, nopokka loyiq bo‘lgani nopokdir. Pok kishiga loyig‘i pokdir...” Iqtibos tugadi.
"Tafsiri muyassar" kitobida shunday deyiladi:
كل خبيث من الرجال والنساء والأقوال والأفعال مناسب للخبيث وموافق له، وكل طيِّب من الرجال والنساء والأقوال والأفعال مناسب للطيب وموافق له،
"Nopok erkak va ayollar, nopok so‘z va ishlar nopok kishilarga munosib va muvofiqdir. Pok erkak va ayollar, pok so‘z va ishlar esa pok kishiga munosib va muvofiqdir..." Iqtibos tugadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.