BIZ HAM JUMA NAMOZINI O‘QISHIMIZ MUMKINMI?

ID: 91

04.04.2025

306

Savol:

Hozir Rossiyada ishlaymiz. Yaqinda namoz o‘qishni boshlaganmiz. Bizning ikkita savolimiz bor edi: 1. Juma namozi qanday o‘qiladi? 2. Masjid uzoqda joylashgan o‘zimiz ko‘pchilikmiz. Oramizda ilmli odam ham bor. Shu kishini imom qilib Juma namozini o‘qisak bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

1.  Juma namozi juma kuni peshin namozining vaqti kirgach jome masjidida o‘qiladi. Masjidga jamoat yig‘ilgach azon aytiladi va barcha namozxonlar avvalo to‘rt rakat sunnat namozini o‘qiydilar (bu peshin namozining avvalgi to‘rt rakat sunnati kabi o‘qiladi). So‘ngra imom juma xutbasini o‘qib berish maqsadida minbarga chiqadi va muazzin ikkinchi bor azon aytgach, imom jamoatga yuzlanib xutba o‘qiydi. Xutba o‘qilayotgan vaqtda gaplashish, hatto namoz o‘qish ham joiz emas. Xutbadan so‘ng muazzin iqomat takbiri aytadi va imom va jamoat jumaning ikki rakat farzini ado etadilar. Shundan so‘ng jamoat to‘rt rakat sunnat namozini o‘qiydilar va shu bilan juma namozi oxiriga yetgan bo‘ladi.

2.  Faqat ilmli odam borligi sababli juma namozini o‘qib bo‘lmaydi. Chunki, Juma namozi durust bo‘lishi uchun o‘ziga xos shartlar mavjud. Maroqil faloh kitobida shunday deyilgan:

ويشترط لصحتها ستة أشياء:  المصر أو فناؤه و  السلطان  أو نائبه و وقت الظهر  و الخطبة  و الإذن العام و الجماعة  (مراقلي الفلاح)

“Juma namozini durust bo‘lishi uchun oltita shart: Shahar yoki shaharning finosi, sulton yoki uning noibi, peshin vaqti kirgan bo‘lishi, xutba, iznul-om va jamoat topilishi kerak” (Maroqil faloh).

Bu iboralarni ulamolar quyidagicha sharhlaganlar: 1.Shahar yoki uning finosi; shaharning finosi deganda shaharga oid tadbirlar o‘tkazilishi uchun mo‘ljallangan, unga qo‘shilgan joylar nazarda tutiladi. Demak, Juma namozi o‘qilishi uchun shahar yoki shahar hukmidagi qishloq joy bo‘lishi kerak. 2. Sulton yoki uning noibi; Juma namoziga imomlikka sulton yoki uning noibi, yoki ular tomonidan o‘sha masjidga tayin qilingan imom bo‘lishi kerak.  3. Peshin vaqti; Chunki peshin vaqti jumaning vaqti hisoblanib, undan oldinroq o‘qilgan juma namozi durust bo‘lmaydi. Peshin vaqti chiqishi bilan jumaning ham vaqti chiqadi.  4. Xutba; Jumada ozmi-ko‘pmi xutba o‘qish ham shartdir.  5. Iznul-omm; Ya’ni hamma musulmonlar kirishiga ruxsat berilgan masjid bo‘lishi kerak. 6. Jamoat; Ya’ni imomdan tashqari uch kishi hozir bo‘lishi kerak. Chunki jamoat ushbu adad bilan hosil bo‘ladi. Shu jamoat oqil, balog‘atga yetgan erkaklardan tashkil topgan bo‘lishi lozim. Mabodo, jamoat oqil, balog‘atga yetgan musofir yoki kasal kishilardan tashkil topgan bo‘lsa ham, kifoya qiladi. Ammo faqat ayollar va go‘daklardan tashkil topgan jamoat bilan juma namozini o‘qish durust bo‘lmaydi.

Demak, yuqoridagi va shu kabi boshqa ma’lumotlardan ayon bo‘ladiki, juma namozini o‘qish uchun mazkur shartlarning barchasi topilmasa, bir necha odamlar yig‘ilib juma namozini o‘qiy olmaydilar. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar