Jamoat namoziga kech qolgan kishilar o'zaro kelishib, ikkinchi jamoat bo'lib o'qishlari mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Imom va muazzini tayin qilingan hamda qavmi bo'lgan masjidlarda jamoat namozi ado qilingach, boshqa odamlar ikkinchi jamoat bo'lib, avvalgi imomning mehrobida, azon va takbir aytib namozni ado qilishlari makruhdir. Imom Saraxsiyning “Mabsut” nomli kitoblarida quyidagicha keltirilgan: وَإِذَا دَخَلَ الْقَوْمُ مَسْجِدًا قَدْ صَلَّي فِيهِ أَهْلُهُ كُرِهَتْ لَهُمْ أَنْ يُصَلّوا جَمَاعَةً بِأَذَانٍ وَإِقَامَةٍ وَلَكِنَّهُمْ يُصَلُّونَ وُحْدَانًا بِغَيْرِ أَذَانٍ وَلَا إِقَامَةٍ “Bir qavm (imom bilan) namoz o'qilgan masjidga kirsa, ular uchun u erda azon va iqomat aytib, jamoat bo'lib namoz o'qish makruh bo'ladi. Shuning uchun ular azon va iqomatsiz yolg'iz-yolg'iz namoz o'qishadi”. Bu mavzuda Alloma ibn Obidiyn bunday yozadilar: وَعَنْ أَبِي يُوسُفَ إذَا لَمْ تَكُنْ عَلَى الْهَيْئَةِ الْأُولَى لَا تُكْرَهُ وَإِلَّا تُكْرَهُ وَهُوَ الصَّحِيحُ ، وَبِالْعُدُولِ عَنْ الْمِحْرَابِ تَخْتَلِفُ الْهَيْئَةُ كَذَا فِي الْبَزَّازِيَّةِ .وَفِي التَّتَارْخَانِيَّة عَنْ الْوَلْوَالِجيَّةِ : وَبِهِ نَأْخُذُ “Imom Abu Юsufdan naql qilinadi: “Agar keyingi jamoat oldingi jamoatning ko'rinishida bo'lmasa, makruh sanalmaydi. Aks holda esa, makruh sanaladi. Sahih gap shudir. Keyingi jamoatning imomi mehrobdan tashqarida turishi bilan hay'at (ko'rinish) o'zgargan bo'ladi. (“Bazzoziyya”). “Tatarxoniyya” kitobida “Valvolijiyya”dan naql qilinishicha, “Biz ushbu fatvoni olamiz, deyilgan” (“Raddul-muhtor” kitobi). Mazkur va boshqa kitoblar iboralariga ko'ra, bir chetda, ko'pchilikni yig'masdan, ya'ni bir-birini chaqirmasdan, azon va takbir aytmasdan ikkinchi jamoat bo'lishi karohiyatsiz joizdir. Muayyan bir imom va muazzini yo'q hamda qavmi bo'lmagan, yo'lovchilar uchun qurilgan masjid, shuningdek, aeroport, vokzal, mehmonxonalarda tashkil etilgan namozxonalarda azon va takbir bilan ikkinchi, uchinchi jamoat bo'lib namoz o'qish joiz. “Roddul Muhtor” kitobida shunday bunday kelgan: وَيُكْرَهُ تَكْرَارُ الْجَمَاعَةِ بِأَذَانٍ وَإِقَامَةٍ فِي مَسْجِدِ مَحَلِّهِ لَا فِي مَسْجِدِ طَرِيقٍ أَوْ مَسْجِدٍ لَا إِمَامَ لَهُ وَلا مُؤَذِّنَ “Mahalla masjidida azon va iqomat bilan ikkinchi jamoat bo'lib namoz o'qish makruh. Yo'l bo'yidagi masjidlar hamda muayyan imomi va mu'azzini bo'lmagan masjidlarda makruh emas”. Har bir mo'min imkon qadar namozlarni masjidda asosiy jamoat bilan o'qishga harakat qilishi lozim. Birinchisi bo'lmasa, keyingi jamoatga ulguraman, degan noto'g'ri tushunchadan uzoq bo'lish kerak. Bu tushuncha sunnatga mutlaqo xilofdir. Zero, jamoat qanchalik katta bo'lsa, uning savobi ham shuncha ulug' bo'ladi. Vallohu a'lam.