Qo‘y yoki mol so‘yilganda uni og‘izda puflab shishirish joizmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Og‘izda puflash makruh bo‘ladi. Chunki hadisi shariflarda taomga va ichimlikka puflashdan qaytarilgan. Qo‘y go‘shti ham taom bo‘lgani bois, bunga ham puflash makruh, deyiladi. Ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu shunday deganlar:
أن النبي صلي الله عليه وسلم نهي أن يتنفس في الإناء أو ينفخ فيه (رواه الإمام الترمذي عن ابن عباس رضي الله عنه)
ya’ni: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam idishda nafas olishdan yoki idish ichiga puflashdan qaytarganlar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisda taomga puflashdan qaytarganlar. Qaytariq sababi og‘izdan o‘sha taom yoki ichimlikka tupuk, so‘lak va noxush hid kabi inson tabiati jirkanadigan narsalar qo‘shilib qolishidir. Bu holat qo‘yning go‘shtiga ham taalluqlidir. Saudiya Arabistoni oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi qurbonlik so‘yuvchilarga bir qancha tavsiyalar berib, jumladan, teri ichiga og‘izdan puflamaslikni alohida takidlagan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.