Assalamu alaykum va rohmatulloh
Ayol uzurli yani xayz nifos xolatida Hadis kitoblarni ushlab oʻqishi joizmi?
Keyin xuddi shu xolatda shu xadislarni telfonda oʻqish mumkin boʻladimi?
Javob:
Va alaykum assalom.
Hayz va nifosdagi ayollarga qunut duosi va boshqa zikr va tasbehlarni aytish hamda Mushafga o‘qimagan holda qarashning o‘zi joiz sanaladi. Shuningdek, Qur’on oyatlari qatnashmagan boshqa diniy kitoblarni o‘qishlari ham joizdir. Ammo tafsir kitoblarini o‘qish makruh sanaladi.
Hayz va nifosda Mushafni yoki to‘liq bir oyat yozilgan narsani ushlash
Hayz va nifosdagi ayollar Mushafni ushlashlari va to‘liq bir oyat yozilgan tanga, taxta, qog‘oz kabi narsalarni ushlashlari joiz emas. Shu kabi tafsir, hadis va fiqh kabi shar’iy kitoblarni ham ushlashlari joiz bo‘lmaydi. Chunki odatda ushbu kitoblar ham Qur’on oyatlaridan xoli bo‘lmaydilar. Hayz va nifosdagi ayollar ushbu diniy kitoblarni ichidagi varoqlari va ustidagi unga yopishib turgan jildini ushlashlari ham mumkin bo‘lmaydi. Ammo unga yopishmagan yoki birga qo‘shib tikilmagan, alohida ajrab turadigan g‘ilof, xalta yoki sochiq kabi matolar bilan ushlasalar makruh sanalmaydi. Ko‘ylaklarining yengi yoki etaklari bilan ushlasalar, makruh sanaladi. Qur’ondan bo‘lmagan zikr va duolar yozilgan kitoblarni ushlash makruh bo‘lmaydi, lekin ushlamaslik mustahab sanaladi. Shuningdek, hayz va nifos ko‘rgan ayolga Qur’on oyatlarini yoki oyat qatnashgan so‘zlarni yozish ham joiz bo‘lmaydi. Bu borada ba’zilarning qo‘lini yuvib, yozishi joiz degan gaplari befoyda bo‘lib, hattoki qo‘llarini yuvib ham, yoki o‘zi yozayotgan kalimalarni o‘qimay yozsa ham joiz bo‘lmaydi (“Manhalul voridiyn” kitobi).
Telefondan o‘qilganida ham hukm yuqoridagi hukmlar bilan bir xil bo‘ladi.