Assalomu alaykum, hurmatli O‘zbekiston Fatvo hayati a’zolari! Quyidagi holat bo‘yicha shar’iy tushuntirish so‘rab murojaat qilaman: Tanish bir ayol Turkiyadan onlayn tarzda 60 dona kiyim va 8 ta tapochka buyurtma qilganini, ularning jami narxi 705 AQSh dollari ekanini ma’lum qildi. U menga murojaat qilib: “Shu narsaning pulini siz to‘lab bering va menga muddatli to‘lov asosida 1 yilga soting,” — deb iltimos qildi. Men o‘sha tovarni shaxsan ko‘rmagan holda, qayni ukam orqali 705 AQSh dollarini o‘sha ayolga berdim. Tovar esa uning nomi bilan buyurtma qilingan. Shu munosabat bilan quyidagi savollar bo‘yicha shar’iy izoh so‘rayman: Ushbu holatda men tomonimdan amalga oshirilgan to‘lovni ustiga qo‘yib, muddatli savdo (murobaxa) shaklida sotishim shar’an joiz hisoblanadimi, agar men tovarni ko‘rmagan va mulk qilib olmagan bo‘lsam? Agar bu amal shar’an no joiz (riboga olib keluvchi) bo‘lsa, mening qilgan ishim qarz berish (qard hasana) sifatida qabul qilinishi mumkinmi? Agar buni qarz deb hisoblash to‘g‘ri bo‘lsa, men undan asli to‘lab bergan pulni qaytarishini so‘rab, tezroq qaytarish chorasini ko‘rishini aytsam, bu shar’an to‘g‘rimi? Umuman olganda, agar xaridor biror narsani o‘zi ko‘rib, yoqtirib, asli narxini aniqlab, lekin sotib olish uchun puli bo‘lmagan taqdirda, moliyaviy imkoniyati bor kishi o‘sha narsaning pulini to‘lab berib, keyin muddatli to‘lov asosida sotsa — bu holat shar’an joiz hisoblanadimi?
Sizning tovarni ko‘rmasdan va o‘z mulkingizga qabul qilib olmasdan turib, uni ustiga foyda qo‘yib sotishingiz shar’an joiz emas. Islom shariatida sotuvchi sotayotgan moliga to‘liq egalik qilishi va uni qo‘liga olgan bo‘lishi shart. Bu shartning bajarilmagani sababli, sizning bu savdoingiz savdo hisoblanmaydi, balki o‘sha ayolga 705 AQSh dollarini qarzga bergan bo‘lasiz. Shu sababli, siz u ayoldan faqatgina bergan pulingiz, ya’ni 705 dollarni qaytarib olishga haqlisiz, undan ortig‘ini olish ribo bo‘lib, og‘ir gunohdir. Siz bergan qarzingizni tezroq qaytarishini so‘rashingiz mumkin.
Kelajakda bunday savdoni to‘g‘ri amalga oshirish uchun, avval tovarni sotuvchidan o‘zingiz sotib oling, mulkingizga o‘tkazib, qo‘lingizga oling va shundan keyingina xaridorga muddatli to‘lov asosida, o‘zaro kelishilgan narxga soting.