MAHSULOTNING HALOLLIGINI SOTUVCHIDAN SO‘RASH MASALASI

ID: 202

04.04.2025

55

Savol:

Men Moskva shahrida ishlayman. Go‘sht olish uchun bir nechta joylarga borib uchrashdim, surishtirdim, bismillahi Allohu akbar, deb so‘yasizlarmi, deb so‘radim. Sotuvchi aytdiki, bu yerda go‘sht sotadiganlarni deyarli hammalariga tayyor so‘yilgan go‘sht keladi. Olib kelgan bolalar halolligiga garantiya deb aytgan deyishdi, shu holatda qanday yo‘l tutish joiz?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bu masala kishi yashayotgan shahar va zamonga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqda “Al-Fatovol-hindiya” kitobida bunday deyilgan:

رَجُلٌ اشْتَرَى مِنْ التَّاجِرِ شَيْئًا هَلْ يَلْزَمُهُ السُّؤَالُ أَنَّهُ حَلَالٌ أَمْ حَرَامٌ قَالُوا يُنْظَرُ إنْ كَانَ فِي بَلَدٍ وَزَمَانٍ كَانَ الْغَالِبُ فِيهِ هُوَ الْحَلَالَ فِي أَسْوَاقِهِمْ لَيْسَ عَلَى الْمُشْتَرِي أَنْ يَسْأَلَ أَنَّهُ حَلَالٌ أَمْ حَرَامٌ وَيُبْنَى الْحُكْمُ عَلَى الظَّاهِرِ ، وَإِنْ كَانَ الْغَالِبُ هُوَ الْحَرَامَ أَوْ كَانَ الْبَائِعُ رَجُلًا يَبِيعُ الْحَلَالَ وَالْحَرَامَ يَحْتَاطُ وَيَسْأَلُ أَنَّهُ حَلَالٌ أَمْ حَرَامٌ . 

Ya’ni: “Kishi sotuvchidan biror narsa sotib olsa, undan bu narsa halolmi yo harommi, deb so‘rashi lozim bo‘ladimi? Faqihlar aytadilar: “Qaraladi, agar o‘sha paytdagi shahar bozorlarida halol mahsulotlar ko‘p bo‘lsa, xaridor halolmi yo harommi, deb so‘rashi shart emas. Hukm ma’lum bo‘lib turgan holat ustiga quriladi (ya’ni, bozordagi mahsulotlar halol hisoblanadi). Agar bozorlarda haromlik ustun bo‘lsa yoki sotuvchi haromni ham, halolni ham sotaveradigan kishi bo‘lsa, ehtiyot bo‘ladi va mahsulotning halol yoki haromligini so‘raydi” (“Al-Fatovol-hindiya” kitobi).

Demak, siz yashayotgan shaharda halol go‘sht mahsulotlari ko‘p bo‘lsa, uning halolligini sotuvchidan so‘rash shart emas. Lekin harom go‘sht mahsulotlari ko‘p bo‘lsa, yoki sotuvchi halol-haromni farqlamasdan sotaveradigan bo‘lsa, undan go‘shtning halol yoki haromligini so‘rash kerak. Go‘shtni musulmondan sotib olgani yoki musulmon so‘ygan hayvonning go‘shti ekaniga guvohlik bersa, keyin yesa bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar