Qandli diabeti bor inson ro'zasining hukmi qanday bo'ladi? Agar inson yoshligidan qandli diabet bilan kasallangan bo'lsa, bu holatda hukm qanday o'zgaradi?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Agar bunday bemor ro'za tutishga qodir bo'lsa va tutib ko'rganda sog'lig'iga zarar etmasa, ro'za tutishi farzdir. Mabodo ro'za sababli kasallik zo'rayib yoki sog'lig'iga xavf paydo bo'lib qolsa, ro'zasini ochadi va imkon bo'lgan boshqa kunlarda qoldirilgan kunlarning qazosini tutib beradi. Bu holatda kafforot vojib bo'lmaydi. Agar kasallik surunkali bo'lib, yil davomida umuman ro'za tutishga yaramasa va keyinchalik bunga qodir bo'lishidan umid uzilgan bo'lsa, ramazonning har bir kuni uchun fidya berishi lozim bo'ladi. Vallohu a'lam.