Assalomu alaykum, ustozlar. Jahriy namozda xatoni to'g'rilash uchun sahv sajdasi qilinayotganda sahv sajdasining salomi va takbiri jaxriy o'qiladimi yoki maxfiy o'qiladimi? Shu savolimga 5 yildan buyon javob topolmadim. Iltimos shu savolimdagi masalaga oydinlik kiritib bering?
Jahriy, ya’ni ovoz chiqarib o‘qiladigan namozda xatolik sababli sahv sajdasi qilinganda, uning takbirlari va salomi imom tomonidan jamoatga eshittirib, ya’ni jahriy aytilishi sunnatdir.
Yakka o‘zi namoz o‘qiyotgan kishi esa sahv sajdasining takbirlari va salomini o‘zi eshitadigan darajada maxfiy aytadi. Chunki unda boshqalarga eshittirish zarurati yo‘q.
Bu haqda hanafiy fiqhidagi mo‘’tabar manbalardan bo‘lgan "Raddul muhtor" kitobida bunday deyilgan:
"وسننها ... جهر الإمام بالتكبير بقدر حاجته للإعلام بالدخول والانتقال. وكذا بالتسميع والسلام. وأما المؤتم والمنفرد فيسمع نفسه"
"Namozning sunnatlaridan... imomning namozga kirishni va (bir rukndan ikkinchisiga) o‘tishni bildirish uchun ehtiyojiga qarab takbirni jahriy (ovoz chiqarib) aytishidir. Shuningdek, tasmi’ni ("Sami’allohu liman hamidah" deyishni) va salomni ham. Iqtido qiluvchi (imomga ergashgan) va yolg‘iz o‘quvchi esa (bularni) o‘zi eshitadigan darajada aytadi".
Xulosa qilib aytganda, bu hukm namozdagi boshqa takbirlar va salomning hukmi bilan bir xildir: imom jamoatga eshittiradi, yolg‘iz namozxon esa o‘ziga eshittiradi.