ICHKILIKKA BERILGAN OTAGA QANDAY MUNOSABATDA BO‘LISH KERAK?

ID: 870

04.04.2025

64

Savol:

Mening otam ichkilikka berilgan. Gohida o‘z buvimni ya’ni oyisini so‘kkan hollarini ham ko‘rdim. Men va buvim namoz o‘qiymiz. Shunda ham dadam to‘g‘ri yo‘lga kirmaydi. Qanday maslahat berasiz. Ichkilikka bo‘lgan nafrat ota-onani hurmat qilishdan to‘ssa nima qilish darkor?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Alloh taolo otangizni bunday illatdan xalos etsin. Bunday vaziyatda Siz namozlaringizda u kishining haqlariga duo qilib Alloh taolodan qalblariga hidoyat nurini solishini so‘rashingiz lozim. Ota-onasi kim bo‘lishidan qat’iy nazar ularga ozor berish ulkan gunoh bo‘lib, bu ishni qilgan kishi ota-onaga oq bo‘lishi ehtimoli katta. Islomiy manbalarda rahmat farishtalari but va sanamlar bor uylarga, ota-onasiga oq bo‘lgan kimsalar bor joyga va hech mehmon kelmaydigan xonadonlarga kirmasliklari haqida ma’lumotlar berilgan.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

لعن الله من لعن والديه... (رواه الامام مسلم عن علي بن أبي طالب رضي الله عنه)

"Ona-otasini la’natlagan(aziyat bergan)ni Alloh taolo la’natlaydi..." (Imom Muslim rivoyatlari).

 “La’nat” so‘zining lug‘aviy ma’nosi nafratlanish, duoi bad qilish, sovish, bezish kabi ma’nolarida keladi. Islomiy istilohda esa Allohning rahmatidan mahrum qilish ma’nosida ishlatiladi.

Alloh taolo la’natlagan kimsani farishtalar ham la’natlaydilar. Hadisga e’tibor berilsa, ota-ona tomonidan aziyat bergan farzandi haqiga hech qanday munosabat, ya’ni duoibad, qarg‘ish kabi harakatlar sodir etilmasa ham Alloh taolo bunday insonni ota-onasi ko‘nglini og‘ritgani uchun la’natlashi ma’lum qilinmoqda.

Allohning rahmatidan mahrum bo‘lganning yoniga  maloikalar ham bormaydilar. Inson uchun bundan ortiq xo‘rlik bo‘lmaydi, Allohning o‘zi asrasin.

Islomiy odob kitoblarimizda hatto kofir bo‘lgan ota-onaga xizmat qilish, nafaqalarini berish, ziyoratlariga borib ko‘ngillarini xushnud qilib turishga ham buyuriladi. Shariatga zid bo‘lmagan har qanday buyruqlarini bajarish joizligi ko‘rsatib o‘tilgan. Faqat kufrga olib boruvchi vazifalarni buyuradigan bo‘lsalargina ziyoratlariga bormaslikka buyurilgan.

Shuning uchun ham ota-onani yig‘latmasdan, ularga isyon qilish o‘rniga ularni xursand qiladigan amallarni bajarib, duoi xayrlarini olishga g‘ayrat qilish kerak. Bu borada Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam uchta insonning duolari qabul qilinishini ma’lum qilib, ularning orasida “Ota-onaning farzand haqiga qilgan duosi”ni ham zikr qilganlar.

Demak, Siz ham yuqoridagi ma’lumotlarni o‘z hayotingizga tatbiq qilgan holda, oila a’zolaringiz jumladan, otangizga ham yetkazishingiz kerak bo‘ladi. Otangiz tomonidan nogohon zarar ko‘rgan taqdiringizda ham u kishiga qo‘pollik qilmasdan, haqlariga yomon duo emas balki, yaxshi duo qilishingiz lozimdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar