Bir birodarimning yuragi xasta. Uni gunohlari juda ko‘p. U qanday amallar qilsa Alloh uni gunohlarini kechiradi, do‘zaxga tushmaydi, jannatga kiradi? Shu haqida yozilgan kitoblar yoki ulamolarning audio darslari bormi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Kishi hayotlik vaqtidayoq o‘zining gunohkorligini anglab yetishi va oxiratdagi holatini o‘ylashi katta baxt. Chunki, qancha insonlar "besh kunlik dunyoda o‘ynab qol", — degan noto‘g‘ri tushunchada gunoh ma’siyatlar bilan vafot etayotgani izoh talab qilmaydigan haqiqat. Shunday ekan o‘zligini anglagan banda dinimizda harom qilingan amallardan butunlay tiyilishi va buyurilgan amallarni esa imkon qadar bajarib borishi zarur. Jumladan, besh vaqt namozni vaqtida ado qilish, Ramazon ro‘zasini tutish, halol kasb qilish, yaqinlari va omma musulmonlarga imkon qadar yaxshilik qilish, doimo Alloh taoloni zikri bilan yurish va hokazo dinimizda targ‘ib qilingan amallarni bajaradi.
Qisqa qilib aytganda Alloh va Uning Rasuliga itoat qilish Oxiratda najot, aksincha bo‘lsa esa halokatdir. Bu haqida Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ يُدْخِلْهُ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَذَلِكَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا وَلَهُ عَذَابٌ مُهِينٌ
Ya’ni: “Kim Alloh va (Uning) payg‘ambariga itoat etsa, uni ostidan anhorlar oqib turadigan bog‘larga (jannatga) kiritur. (Ular) u yerda abadiy (bo‘lurlar). Bu ulkan yutuqdir. Kim Alloh va (Uning) payg‘ambariga itoatsizlik qilsa va hududlaridan tajovuz qilsa, uni do‘zaxga abadiy (qolishi uchun) kiritur va uning uchun xor qiluvchi azob (bordir)” (Nisa surasi 13-14 oyatlar).
Ayniqsa, besh vaqt namozni vaqtida ado qilish muhim, zero, qiyomatda birinchi so‘raladigan amal namozdir. Banda o‘z namozi ila o‘ziga omonlik, xotirjamlik va najot tilaydi.
عن أبي قتادة رضي الله عنه عن النبي صلى الله عليه وسلم أنه قال: "قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: افْتَرَضْتُ عَلَى أُمَّتِكَ خَمْسَ صَلَوَاتٍ وَعَهِدْتُ عِنْدِي عَهْدًا أَنَّهُ مَنْ حَافَظَ عَلَيْهِنَّ لِوَقْتِهِنَّ أَدْخَلْتُهُ الْجَنَّةَ ، وَمَنْ لَمْ يُحَافِظْ عَلَيْهِنَّ فَلَا عَهْدَ لَهُ عِنْدِي"
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh azza va jalla: “Men sening ummatingga besh vaqt namozni farz qildim. Men o‘zimga o‘zim, kim ularni muhofaza qilib o‘z vaqtida o‘qib kelsa, albatta, jannatga kiritaman, deb ahd berdim. Kim ularni muhofaza qilmasa, Mening huzurimda unga ahd yo‘qdir, dedi”, - deb aytdilar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Banda namozni vaqtida o‘qisa, oxiratda yutuqqa erishadi, do‘zaxdan xalos bo‘lib, jannatga kiradi. Agar namozni o‘z vaqtida ado etmagan bo‘lsa, muvaffaqiyat-sizlikka uchraydi, nadomat chekadi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: "إِنَّ أَوَّلَ مَا يُحَاسَبُ بِهِ الْعَبْدُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ عَمَلِهِ صَلاَتُهُ فَإِنْ صَلُحَتْ فَقَدْ أَفْلَحَ وَأَنْجَحَ وَإِنْ فَسَدَتْ فَقَدْ خَابَ وَخَسِرَ..." (رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ وَالدَّارِمِيُّ وَأَحْمَدُ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ).
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Qiyomat kuni banda amallari ichidan eng birinchi hisob qilinadigani uning namozidir. Agar (namozi) to‘g‘ri (ado etilgan) bo‘lsa, aniq yutuqqa erishibdi, najot topibdi. Agar (namozi) fosid bo‘lsa, shubhasiz noumid bo‘libdi, yutqazibdi. ...”, deganlarini eshitganman” (Imom Dorimiy va Imom Ahmad rivoyatlari).
Chin ixlos bilan namozni ado etsangiz savolingizdagi barcha istaklaringiz amalga oshadi, inshaalloh.
Kitob do‘konlarini aylansangiz insonni najotga yetaklovchi kitoblar va audio darsliklar ham bugungi kunda yetarli. Kitob va disk sotib olayotganda uning rasmiy ruxsat bilan chiqqaniga va muallifiga diqqat qiling. Ilm-ma’rifati bilan tanilgan, xalq e’tirof etgan olimlarning kitoblarini olib o‘qing. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.