BU KELISHUV SHAR’AN JOIZMI?

ID: 118

04.04.2025

68

Savol:

Bir tanishimni g‘isht zavodi bor. Menga o‘n million so‘m bersang, har bir dona g‘isht uchun 10 so‘mdan foyda beraman, deyapti. Shu ish shar’an joizmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Bu noto‘g‘ri kelishuv hisoblanadi. Bir tomondan pul, ikkinchi tomondan mehnat qilish va foydani taqsimlab olishni kelishish muzoraba hisoblanadi. Muzorabaning asosiy shartlaridan biri ko‘rilgan foyda qancha bo‘lishidan qat’iy nazar har ikki tarafga ulush tegishi kerak. Bu xususda Burhonuddin Marg‘inoniy

( وَمِنْ شَرْطِهَا أَنْ يَكُونَ الرِّبْحُ بَيْنَهُمَا مُشَاعًا لَا يَسْتَحِقُّ أَحَدُهُمَا دَرَاهِمَ مُسَمَّاةً ) مِنْ الرِّبْحِ لِأَنَّ شَرْطَ ذَلِكَ يَقْطَعُ الشَّرِكَةَ بَيْنَهُمَا وَلَا بُدَّ مِنْهَا

Ya’ni: “Foyda har ikki sherik orasida tarqaydigan bo‘lishi muzoraba shartlaridan biridir. Ulardan biri foydadan ma’lum belgilab qo‘yilgan dirhamlarga ega bo‘lmasligi kerak. Chunki bunday shart qo‘yish foydada sherik bo‘lish imkonini cheklaydi”. (Hidoya, Muzoraba kitobi).

Masalan, pul beruvchi tarafga foydadan 100 ming berish shart qilinsa va foyda 100 ming bo‘lsa, foydani pul beruvchi tomon olsa, ishlagan taraf foydadan hech narsa ololmaydi. Natijada foydada sheriklik topilmayotgan bo‘ladi. Shariatimiz ayni holat yuzaga kelishini oldini olish uchun bunday kelishuvga ruxsat bermaydi. Muzoraba shar’an to‘g‘ri bo‘lishi uchun ko‘rilgan foydadan ulush taqsimlanishi zarur. Ulushlar teng bo‘lishi shart emas, bu o‘zaro rozilik bilan hal bo‘ladigan masala. Masalan, ikkiga teng taqsimlab har ikki taraf teng olishi yoki uchdan ikkisini bir taraf, uchdan birini boshqa taraf olishini shart qilish lozim va hokazo.

Sizlarning kelishuvingizda har bitta g‘ishtdan 10 so‘m yoki undan kamroq foyda chiqishi va siz, ya’ni pul beruvchi taraf har bitta g‘ishtdan 10 so‘mdan olsangiz g‘isht ishlab chiqaruvchiga foydadan hech narsa tegmay qolishi mumkin. Bu kelishuv muzorabani fosid qilishi yuqoridagi iboralardan ma’lum bo‘ldi.

Kelishuv to‘g‘ri bo‘lishi uchun, chiqqan foydadan yuqorida ko‘rsatilgan tartibda taqsimlash shart qilinishi lozim. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar