Do‘stlarim bir narsadan bahslashishgan ekan. Yutganga uch pochka pista (semechka) olgan ekan. Men aralashmagan edim. Bahs bog‘lash harom ekanini bilaman. Yutgan shu pistadan menga ham berishgan edi. Bu menga ham harom hisoblanadimi? Agar shunday bo‘lsa, bunga qanday chora ko‘ray?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bahs bog‘lash (garov)ning quyidagi turi harom hisoblanadi: agar sen yutsang men senga 1000 so‘m (masalan) beraman, agar men yutsam sen menga 1000 so‘m berasan, deyish. Mana shunday garov bog‘lash qimor hisoblanadi. Bergan ham, olgan ham gunohkor bo‘ladi. Hadisi sharifda Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam:
... ومن قال لصاحبه تعال أقامرك فليتصدق (رواه الإمام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه)
Ya’ni: “Kim sherigiga kel qimor o‘ynaymiz, desa, darhol sadaqa qilsin”, – deganlar. (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Shu gapni aytishni o‘zi uchun sadaqaga buyurilyapti. O‘ynashni o‘zini naqadar gunoh ekanini tasavvur qilavering.
Siz bilmay yegan bo‘lsangiz, istig‘for ayting. Bilib yegan bo‘lsangiz, qimor bilan topilgan mablag‘ yutib olgan tomonning mulkiga kirmagani uchun, yutqazganga mablag‘ini qaytarib berish kerak bo‘ladi. Chunki u narsalar yutqazganning mulki hisoblanadi. Vallohu a’lam. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.