SAFNING UZILISHI IMOMGA IQTIDONI MAN QILIB QO‘YMAYDIMI?

ID: 253

04.04.2025

16

Savol:

Mening mahallamdagi masjid nisbatan kichikroq bo‘lgani sabab juma va iyd namozlarida namozxonlarning aksari namozlarini ko‘chada ado qilishlariga to‘g‘ri keladi. Hozirgi jazirama issiqda yoki yog‘ingarchilik kunlarida namozxonlar pana istab saf ulanmagan joylarga joynamoz solib namozlarini ado etishadi. Bu joyga imomning xutbasi, qiroati, takbirlari eshitilsada lekin jamoat ulangan saf bilan panadagi odamlarning safini orasida anchagina ochiq joy qoladi. Bu safning o‘rtadan uzilib qolishi imomga iqtidoni man qilib qo‘ymaydimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Imomga iqtido durust bo‘lishi uchun imom bilan unga ergashuvchining makoni bitta bo‘lishi, ya’ni bir joyda turishi shartdir. Bu haqda “Badoye’us sanoye’” kitobida quyidagi matn keltirilgan:

اتحاد المكان من شرائط صحة الاقتداء ليثبت اتحاد الصلاتين تقديرا بواسطة اتحاد المكان (كتاب "بدائع الصنائع" للإمام أبو بكر الكاساني الحنفي)

ya’ni: (Imom bilan iqtido qiluvchining) bitta joyda turishi iqtidoni durust bo‘lish shartlaridandir. Chunki joy bitta bo‘lishi vositasida go‘yo imom va iqtido qiluvchining namozlari ham birlashadi.

Hakimul umma Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayh “Al-Muxtasar fil-fiqhil hanafiy” kitoblarida quyidagi ma’lumotlarni bayon qilganlar:

للجماعة شروط لا تصح بدونها ومنها: اتحاد مكان الإمام والمأموم. سواء كان الإتحاد حقيقة بأن كانا في مسجد أو في بيت  أو حكما بأن كان الإمام في جانب النهر وفوق النهر جسر وبعض المقتدين على الجسر وبعضهم على الجانب الآخر من النهر فالذين على الجانب الآخر من النهر: مكانهم ومكان الإمام غير متحد حقيقة لحيلولة النهر بينهم وبين الإمام ولكنه متحد حكما لأن الجسر فوقه صفوف فالصفوف متصلة بين الإمام وبينهم فبسبب اتصال الصفوف حكمنا بأن المكان متحد ( كتاب "المختصر في الفقه الحنفي" للإمام أشرف علي التهانوي الحنفي)

ya’ni: “Jamoat namozining o‘ziga yarasha shartlari bor. Ular topilmasa, jamoat durust bo‘lmaydi. U shartlaridan biri – imom va iqtido qiluvchilarning bir joyda bo‘lishidir.  Bir joyda bo‘lish haqiqiy bo‘lishi mumkin, masalan, imom va iqtido qiluvchi bir masjid yoki xona ichida bo‘lishi kabi. Yana bir joyda bo‘lish hukman (go‘yo bir joyda turgandek hukmda) bo‘lishi mumkin, masalan, imom ariqning bir tarafida turadi-da, ariqning ustida ko‘prik bo‘lib, ba’zi iqtido qiluvchilar ko‘prikning ustida saf tortgan bo‘ladi. Qolganlari ariqning boshqa tarafi (imom bo‘lmagan tarafi)dan turib iqtido qiladi. Ular haqiqiy ma’noda emaslar, chunki ular bilan imom o‘rtasini ariq ajratib turibdi. Biroq hukman ular imom bilan bir joyda turgan hisoblanadilar. Chunki ko‘prikning ustida saf tortganlar safni ulab imom va muqtadiylarning safini bog‘lab turadilar. Shu bois o‘rtada ariq bo‘lsa ham ularning makonini bir deb hukm qilamiz.”

Bu mavzuda “Raddul muhtor” kitobida shunday deyilgan:

وَإِنْ قَامَ عَلَى سَطْحِ دَارِهِ وَدَارُهُ مُتَّصِلَةٌ بِالْمَسْجِدِ لَا يَصِحُّ اقْتِدَاؤُهُ لِأَنَّ بَيْنَ الْمَسْجِدِ وَبَيْنَ سَطْحِ دَارِهِ كَثِيرَ التَّخَلُّلِ فَصَارَ الْمَكَانُ مُخْتَلِفًا (كتاب "رد المحتار" للإمام محمد أمين ابن عابدين الحنفي)

ya’ni: “Agar kishi masjidga yonma-yon yopishib turgan hovlisida turib, masjiddagi imomga iqtido qilsa, iqtidosi durust bo‘lmaydi. Chunki masjid bilan hovlining o‘rtasini ajratuvchi narsalar ko‘p. Natijada, imom bilan iqtido qiluvchining makoni (bitta bo‘lmasdan) turlicha bo‘lib qoladi”.

Ibn Nujaym rahmatullohi alayhning “Al-Ashboh van-nazoir” kitoblarida shunday deyilgan:

المانع من الاقتداء: طريق تمر فيه العجلة أو نهر تجري فيه السفن أو خلاء في الصحراء يسع صفين والخلاء في المسجد لا يمنع وإن وسع صفوفا لأن له حكم بقعة واحدة  (كتاب "الأشباه والنظائر" للإمام ابن نجيم الحنفي)

ya’ni: “Imom bilan iqtido qiluvchining o‘rtasida arava sig‘adigan yo‘l bo‘lishi yoki qayiq suzadigan katta anhor bo‘lishi yoxud namoz sahro yoki ochiq maydonlarda o‘qilsa imom bilan muqtadiy o‘rtasida ikki saf sig‘adigan bo‘shliq bo‘lishi imomga iqtido qilishni man’ qiluvchilar jumlasidandir. Ammo masjid ichida ikki safdan ortiq bo‘sh joy qolishining zarari yo‘q, chunki masjidning ichi bitta joy hisoblanadi” (“Al-Ashboh van-nazoir” kitobi).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, yuqoridagi fiqhiy kitoblar va ulamolarimizning so‘zlariga binoan, iqtido durust bo‘lishi uchun imom va iqtido qiluvchi bir joyda bo‘lishi va ayni siz aytgan holatda saflar biri-biriga ulangan bo‘lishi shartdir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar