Assalomu alaykum. Men otam bilan turaman. Uy otamning nomida. Mening nomimda 22 sotixli dehqon fermer xo'jaligi eri bor. U erdan yiliga 15-20 million atrofida daromad qilamiz. Hojati asliyadan tashqari narsalarimni hisoblasam, u ham 10-15 million orasida bo'ladi. Shu holatda menga qurbonlik qilish vojibmi?
Vaalaykum assalom. Qurbonlik vojib bo'lishi uchun kishida asosiy ehtiyojlaridan tashqari, qiymati nisobga – ya'ni 85 gramm tillo (hozirda taxminan 100 million so'm) qiymatiga teng bo'lgan mulk bo'lishi shart.
Agar o'sha 22 sotixli er ijaraga olingan er bo'lsa, uning qiymati nisob hisoblashda e'tiborga olinmaydi. Ammo u shaxsiy mulkingiz bo'lsa, u holda u asosiy daromad manbaingiz bo'lib, undan topadigan daromadingiz oilangizning ehtiyojini to'liq qoplay olmayotgan bo'lsa, bu er «hojati asliya» hukmida bo'ladi va uning qiymati boylik nisobiga qo'shilmaydi. Qoladigan 10-15 million so'mlik ortiqcha mulkingiz esa nisob miqdoriga etmagani sababli, hozircha sizga qurbonlik qilish vojib emas.
Bu borada mo''tabar fiqhiy manbalardan «Fatovoi Olamgiriya» kitobida shunday deyilgan:
(رَجُلٌ) لَهُ أَرْضٌ يَزْرَعُهَا أَوْ حَانُوتٌ يُسْتَغَلُّ وَغَلَّتُهَا تَكْفِي لَهُ وَلِعِيَالِهِ لَمْ تَحِلَّ لَهُ الزَّكَاةُ وَإِلَّا حَلَّتْ.
«(Bir kishining) ekin ekadigan eri yoki foydalanib turadigan do'koni bo'lib, undan keladigan daromad o'zi va oilasiga etib tursa, unga zakot olish halol bo'lmaydi (ya'ni, u qurbonlik nisobiga ega sanaladi), agar kifoya qilmasa, zakot olish halol bo'ladi (ya'ni, u qurbonlik nisobiga ega sanalmaydi)». Vallohu a'lam.