Assalomu alaykum. Ustoz biz qishloqda turamiz. Qudugʻimizdan loyqa suv chiqyapti, shu suv bilan tahorat olishim yoki gʻusl qilishim mumkinmi?
Ha, qudug‘ingizdan chiqayotgan bunday suv bilan tahorat olish va g‘usl qilish mumkin. Fiqhga ko‘ra, suvga tuproq kabi pok narsa aralashib, uning rangi, ta’mi yoki hidi o‘zgarsa ham, u pok bo‘lib qolaveradi va poklovchilik xususiyatini yo‘qotmaydi. Bu masala mo‘’tabar manbalardan bo‘lmish "Raddul muhtor" kitobida quyidagicha keltirilgan:
وكذا يجوز بماء خالطه طاهر جامد مطلقا. قوله: مطلقا أي سواء كان المخالط من جنس الأرض كالتراب أو يقصد بخلطه التنظيف كالأشنان والصابون أو يكون شيئا آخر كالزعفران
"Shuningdek, unga pok va qattiq narsa aralashgan suv bilan (tahorat olish) mutlaqo joizdir. Muallifning «mutlaqo» degan so‘zining ma’nosi: xoh aralashgan narsa tuproq kabi yer jinsidan bo‘lsin, xoh sovun va ishqor kabi tozalash maqsadida qo‘shilgan bo‘lsin, xoh za’faron kabi boshqa narsa bo‘lsin, farqi yo‘q".
Demak, suvga tuproq kabi qattiq va pok narsalar aralashishi uning hukmini o‘zgartirmaydi. Asosiy sharti shuki, suv o‘zining oquvchanlik xususiyatini yo‘qotib, quyuq loyga aylanib qolmagan bo‘lsa kifoya. Shunday ekan, bu suv bilan tahorat olish va g‘usl qilish mumkin.