Meni bir tanishim sog‘ligi yaxshi ammo namoz o‘qimaydi, ro‘za tutmaydi, mol-mulki qurbonlik qilish hisobiga yetarli. Ertangi hayitda qurbonlik qilmoqchi, qanday bo‘ladi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Tanishingiz qurbonlik qilaversin. Chunki boy, musulmon, muqim kishilarga qurbonlik qilish — vojib.
Taqqoslash uchun besh vaqt namoz va Ramazon ro‘zasi farz bo‘lib, ularning savobi qurbonliknikidan ham ko‘proq. Eng katta savoblar farzlarga beriladi. Vaholanki o‘sha besh vaqt namozni jamlasak, kun davomida bir soatdan oshar oshmas vaqtni oladi. 24 soatdan 1 soat.
Ramazon ro‘zasi esa 12 oyda bir oy tutiladi.
Tangani boshqa tomoni shuki, farzlarga beriladigan savob katta bo‘lishi bilan ularni tark qilishning ham gunohi katta bo‘ladi. Odam namozni tark qilishi bilan bir kunda besh marta gunohga qoladi, degani bu.
Xulosa shuki, musulmon kishi doim dinimizdagi farzu vojib, sunnatlarni bajarib yurishi va haromlardan tiyilish kerak. Ana shunda komil musulmon bo‘ladi. Birini qilib, birini qilmay yurish Islom shariatining ba’zisiga ishonib, ba’zisiga ishonmaslikka o‘xshab qoladi. Alloh taolo bizdan avvalgi ummatlarni ogohlantirib shunday deydi: "Yoki kitob (Tavrot)ning bir qismiga ishonib, bir qismini inkor etasizmi?! Sizlardan kim shunday qilsa, uning jazosi shu dunyoda sharmanda bo‘lishdir. Qiyomat kunida esa, qattiq azobga giriftor bo‘lursiz. Alloh (bu) qilmishlaringizdan g‘ofil emasdir" (Baqara surasi 85-oyat). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.