Assalomu alaykum. Men yaqinda 5 mahal namoz o‘qishni boshladim. 1 yoshga to‘lmagan farzandim bor. Asosan xufton va bomdod namozini o‘qiyotganimda uyg‘onadi va yig‘laydi. Men bir vaqtlari farz yoki sunnatni o‘qigach orasida tanaffus bo‘ladi deb eshitgandim. Shu sabab farz yoki sunnatni o‘qigach, keyingi farz yoki sunnatni boshlamay, farzandimni yonimga olib kelib, qolganini o‘qiyman. Shu ishim xato bo‘lib qolmaydimi? Javobi uchun oldindan rahmat.
Va alaykum assalom. Farz va sunnat namozlari orasida "Allohumma antas-salom..." zikrini aytish miqdoricha qisqa tin olish mustahabdir. Siz eshitgan tanaffus aynan shudir.
Biroq, bu oraliqda farzandingizni ko‘tarish kabi namozdan tashqari amallar bilan shug‘ullanish maqsadga muvofiq emas. Farz va sunnat orasini namozga yot bo‘lgan amallar, masalan, gapirish yoki yeb-ichish kabilar bilan uzish sunnat namozining savobini kamaytiradi. Ibn Obidin rohimahulloh Roddul Muhtor kitobida bunday yozadi. وَلَوْ تَكَلَّمَ بَيْنَ السُّنَّةِ وَالْفَرْضِ لَا يُسْقِطُهَا وَلَكِنْ يَنْقُصُ ثَوَابُهَا (قَوْلُهُ وَلَوْ تَكَلَّمَ إلَخْ) وَكَذَا لَوْ فَصَلَ بِقِرَاءَةِ الْأَوْرَادِ لِأَنَّ السُّنَّةَ الْفَصْلُ بِقَدْرِ «اللَّهُمَّ أَنْتَ السَّلَامُ إلَخْ» حَتَّى لَوْ زَادَ تَقَعُ سُنَّةً لَا فِي مَحَلِّهَا الْمَسْنُونِ كَمَا مَرَّ قُبَيْلَ فَصْلِ الْجَهْرِ بِالْقِرَاءَةِ. "Agar kishi sunnat va farz orasida gapirib qo‘ysa, bu (sunnatni) soqit qilmaydi, lekin uning savobini kamaytiradi. Muallifning «agar gapirib qo‘ysa...» degan so‘ziga kelsak, shuningdek, orani virdlarni o‘qish bilan ajratsa ham (hukm shunday). Chunki orani «Allohumma antas salom...» miqdoricha ajratish sunnatdir. Hatto shundan ziyoda qilsa ham, sunnat ado etilgan bo‘ladi, lekin o‘zining sunnat bo‘lgan o‘rnida bo‘lmaydi".
Shu sababli, iloji boricha sunnat va farz orasini ortiqcha amal bilan ajratmaslikka harakat qiling.