MASJIDLAR ALLOHNING UYIMI?

ID: 112

04.04.2025

135

Savol:

Masjidlar - Allohning uyi deya aytiladi. Lekin Alloh bizning tassavvurimizdan ham ko‘ra buyuk zotdir. Shunday ekan U zotga nisbatan bunday "uy, makon" kabi iboralarini ishlatsak xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lmaymizmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Qur’oni karim va hadisi shariflarda kelgan iboralarni ishlatish xato bo‘lmaydi. Masalan, Alloh taolo Haj surasi 26-oyatida: “Mening uyimni tavof qiluvchilar uchun pokla”, deb Ka’bani "uyim" degan bo‘lsa, boshqa oyatda esa: “Allohning masjidlarida uning ismi zikr qilinishidan to‘sgan kishidan ham zolimroq kimsa bormi?!” (Baqara surasi, 114-oyat), deb masjidlarni o‘ziga nisbat bergan.

Faqat ularning mazmun mohiyatini to‘g‘ri anglasak kifoya.

Haqiqatan ham Alloh taolo hamma narsaning yaratuvchisi, hamma narsa unga muhtoj, u hech narsaga muhtoj emas. Jumladan, Alloh taolo uyga ham muhtoj emas. 

Endi Baytulloh-Allohning uyi, degan iboraga kelsak, undan Ka’bai musharrafani tushuniladi. Alloh taolo bu haqda shunday deydi: 

جَعَلَ اللَّهُ الْكَعْبَةَ الْبَيْتَ الْحَرَامَ قِيَاماً لِلنَّاسِ

“Ka’ba, ya’ni Baytul Haromni Alloh odamlar uchun (muhim) maqom qilib qo‘ydi” (Moida surasi, 97-oyat).

Ka’bani Allohning uyi, deb nisbat berilishiga sabab u joy Alloh taoloni ulug‘lanadigan makondir. U yerga odamlar turli yerlardan Alloh taolo farz qilgan haj ibodatini qilishga shoshiladilar. Yana bu narsa Ka’bani sharaflash, ulug‘lash va uning qadrini odamlarga bildirish uchundir. Buni Alloh taolo Ibrohim alayhissalomning tillari bilan bildirgan:

(رَبَّنَا إِنِّي أَسْكَنْتُ مِنْ ذُرِّيَّتِي بِوَادٍ غَيْرِ ذِي زَرْعٍ عِنْدَ بَيْتِكَ الْمُحَرَّم)

“Ey, Rabbimiz! Men zurriyotimdan (bir qismini – o‘g‘lim Ismoil va uning onasi Hojarni) Sening hurmatli Bayting huzuridagi ekin o‘smaydigan bir vodiyga joylashtirdim” (Ibrohim surasi, 37-oyat).

Demak, Alloh taolo yaratganlari ichidan biror narsani o‘ziga nisbat bersa, bu ulug‘lash, hurmatlash va sharaflash uchun bo‘ladi. Jumladan, Ka’ba va masjidlarni o‘ziga tegishli ekanini ta’kidlashi ham shu qabildandir.

Aslo Ka’ba yoki masjidlar Alloh taolo turadigan uy-joy, deb tushunmaymiz. Chunki makon va zamonning yaratuvchisi Allohdir (subhanahu taolo). Ular o‘z yaratuvchisini qamrab ololmaydi. Makon va zamon yaratilgan narsalarni qamrab oladi, xolos. Tavfiq Allohdan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar